AVIATSIYA ASTRONOMIYASI

AVIATSIYA ASTRONOMIYASI – amaliy astronomiya bo’limi. Asosan, samolyotning vaziyatini va harakat yo’nalishini aniqlash bilan shug’ullanadi. Uchish paytida maxsus asbob (sekstant) yordamida samolyotdan ko’rinayotgan osmon yoritqichlarining balandligi va kuzatish vaqti aniqlanadi. Har bir kuzatish maxsus hisoblash yo’li bilan vaziyat chizig’ini aniqlash va xaritaga tushirish imkonini beradi. Samolyotning vaziyati ikkita vaziyat chizig’ining kesishgan nuqtasida bo’lib, bir necha kilometr aniqlikda topiladi. Agar osmon yoritqichining balandligini o’lchash paytida samolyot yerdagi biror aniq mo’ljal (daryo, okean qirg’og’i va boshqalar) yoki radiopelengator chizig’ida bo’lsa, uning koordinatalarini bitta vaziyat chizig’i yordamida ham aniqlash mumkin. Hozir Aviatsiya astronomiyasi usullari ayrim masalalarni hal qilishda qo’llanilmoqda.