AVIATSIYA TIBBIYOTI

AVIATSIYA TIBBIYOTI — aviatsiyaga oid tibbiy masalalar bilan shug’ullanuvchi fan sohasi. Vazifasi: kishilarning aviatsiya xizmatiga layoqatliligini tekshirish, uchuvchilarni uchishdan oldin tibbiy ko’rikdan, turli sinov-mashqlardan o’tkazish, samolyotlarning odam organizmiga fiziologik va gigienik nuqtai nazardan qulayligini muhandislar bilan birga tekshirish, baxtsiz hodisalar yuz berganda tibbiy yordam ko’rsatish hamda uchuvchilarni psixologik tomondan chiniqtirish va boshqalar. Uchish vaqtida meteorologiya sharoiti va temperaturaning o’zgarishi, kislorod parsial bosimining pasayishi, barometrik bosimning bir pasayib, bir ko’tarilib turishi, nurlar, kosmik radiatsiya va boshqa omillar (shovqin, vibrasiya va hokazo) uchuvchi organizmiga ta’sir ko’rsatadi. Bu jihatdan uchuvchi mehnati boshqa kasb egalarinikidan katta farq qiladi. Aviatsiya tibbiyoti asosan, samolyotda uchadigan xodimlarning mehnat qilishi, dam olishi, uxlashi va ovqatlanishi uchun eng qulay sharoitni o’rganadi, avariya-qutqaruv vositalarining fiziologik-gigienik asoslarini ishlab chiqadi. U aviatsiya gigiyenasi, aviatsiya fiziologiyasi, aviatsiya psixologiyasi va uchuvchilarning ish qobiliyatini aniqlash kabi bo’limlardan iborat.