AVTOMAT RADIOMETEOROLOGIYA STANTSIYASI

AVTOMAT RADIOMETEOROLOGIYA STANTSIYASI – meteorologiya kuzatishlari natijalarini ma’lum masofaga radio orqali avtomatik tarzda uzatuvchi meteorologiya asboblari majmui. Quruqlik avtomat radiometeorologiya stansiyasi, avtomatik radio yog’in o’lchagichi, avtomatik radio shamol o’lchagichi Avtomat radiometerologiya stansiyasi jumlasiga kiradi. Bular meteorologiya stansiyalari qurish va ularda ishlash qiyin bo’lgan, borib bo’lmaydigan, iqlimi o’rganilmagan joylarga o’rnatiladi. Bu xil asboblar Markaziy Osiyoning tog’li va cho’l rayonlariga ham o’rnatilgan. Avtomat radiometeorologiya stansiyasi yuzlarcha kilometrgacha masofada oldindan berilgan dastur bo’yicha atmosfera bosimi, temperaturasi, shamolning yo’nalishi va tezligi, yog’in miqdori, quyosh nurining tushib turish vaqti va boshqa meteorologiya ko’rsatkichlarini sutkada bir necha marta o’lchaydi va maxsus kodlar yordamida radio orqali meteorologiya markazlariga xabar qilib turadi. Berilgan radioxabarlar Radiopriyomniklar yoki telegraf apparatlari orqali qabul qilinadi. Qabul qilingan ma’lumotlar umumlashtirilib, tegishli ilmiy va amaliy xulosalar chiqariladi. O’zbekiston hududidagi Avtomat radiometeorologiya stansiyasilar xabarlari O’zbekiston Bosh meteorologiya boshqarmasida jamlanadi.