«AXLOQI JALOLIY»
«AXLOQI JALOLIY» – Davoniyning axloqqa oid asari. To’la nomi «Lavomi ul-ashroq Fi Makorim il-axloq» («Yaxshi xulqlarda nurlar ziyosi»). Asar Oq qo’yunli sulolasining asoschisi Hasanbekning iltimosiga ko’ra uning o’g’li Sulton Xalilga atab yozilgan. Unda axloqiy muammolar ijtimoiy-falsafiy nuqtai nazardan tahlil qilinadi. Asarni yozishda muallif Arastu, Aflotun, Ibn Miskaveyx, Abu Nasr Forobiy, Ibn Sino va Nasriddin Tusiylarning axloqiy ta’limotlaridan foydalangan. Risola uch qismdan iborat. Muallif birinchi qismda xulqiy tarbiya va axloqiy xislatlarni egallash haqida so’z yuritib, axloqning asosiy tushunchalari: donolik, adolat, shijoat va iffatga mufassal to’xtaladi, axloq ilmining maqsad va vazifalarini belgilab beradi. Ikkinchi qism oila va oilaviy hayot masalalariga bag’ishlangan. Unda bolalarni tarbiyalash va kamolga yetkazish, kasb-hunarni egallash, xulq-odob qoidalari, nutq madaniyati va boshqalar yoritiladi. Uchinchi qism ijtimoiy-siyosiy masalalarga bag’ishlangan. Unda shahar, ya’ni davlatda yashovchi xalqlar, davlat boshlig’i va fuqarolarning o’zaro munosabati, jamiyat haqida fikr-mulohazalar o’rin egallagan. Risola keyingi davrlard Yaqin va O’rta Sharq mamlakatlarida keng tarqaldi. U Eron, Hindiston, Arab mamlakatlari, Movarounnahr va Xurosonda maktab va madrasalarda asosiy qo’llanma vazifasini o’tagan. Haydar Aliqulov.