AYDAXO

AYDAXO — AQSh shimoliy-g’arbidagi shtat. Katta qismi tog’lardan iborat. Shimoliy va markazida qoyali tog’lar, sharqida Kolumbiya platosi, Janubda Sneyk daryosi tekisligi bor. Maydoni 216,4 ming kilometr kvadrat. Aholisi 1,1 million kishi (1992), jumladan, shahar aholisi 47,5%. Ma’muriy markazi — Boyse shahri. 3 mingga yaqin mahalliy xalq — indeyslar bor. Shimoliy qismida konchilik sanoati va rangli metallurgiya (qurg’oshin, rux), Janubiy qismida sug’oriladigan dehqonchilik (Sneyk daryosi va uning irmoqlari vodiylarida) iqtisodiyotining asosini tashkil etadi. Sug’oriladigan ekin maydoni ishlanadigan yerlarning 1/3 qismini band qilgan. Asosiy ekinlari: kartoshka (ekin maydoni jihatidan AQShda 1-o’rinda, yalpi hosili jihatidan 2-o’rinda turadi); qand lavlagi (AQShda qand lavlagining 1G’10 qismi), bug’doy va yem-xashak ekinlari ekiladi. Bog’dorchilik, yaylov chorvachiligi rivojlangan. Qishloq xo’jalik. Tovar mahsulotining yarmiga yaqinini chorvachilik beradi. Aydaxoda kumush, rux va qo’rg’oshin qazib chiqariladi. Fosforit zaxirasi katta. Ishlab beruvchi sanoatda asosiy tarmoqlari — rangli metallurgiya (Kellogg), oziq-ovqat sanoati, o’rmonchilik. Shtatning Markaziy qismida atom energiyasi sohasida ilmiy ish olib boradigan yirik markaz bor. Turizm (Quyosh vodiysi va boshqa) rivojlangan, kurort ko’p. Amerikani g’arbdan sharqqa kesib o’tadigan 2 ta temir yo’l magistrali Aydaxodan o’tadi.