AYLANMA MABLAG’LAR

AYLANMA MABLAG’LAR – xo’jalik yurituvchi subyektlarning aylanma fondlari va muomala fondlarini tashkil etuvchi mablag’lar. Aylanma fondlar tarkibiga ishlab chiqarish zaxiralari, tugallanmagan ishlab chiqarish, kelgusi davr xarajatlari kiradi. Aylanma mablag’lar normalashtiriladigan (bunda xomashyo, materiallar, yoqilg’i, tugallanmagan ishlab chiqarish va boshqalarga normalar belgilanadi) va normalashtirilmaydigan (pul mablag’lari, hisobkitobdagi mablag’lar) turlarga bo’linadi. Shakllanish manbalariga qarab aylanma mablag’lar o’z va qarzga olingan mablag’larga bo’linadi. O’z mablag’lari korxonada normal ishlash uchun zarur bo’lgan, minimal miqdorda bo’lishi kerak. Korxona faoliyatining ayrim davrlarida (mavsumiy normativdan ortiq ishlab chiqarish zaxiralari vujudga kelganda, mavsumiy ishlab chiqarish xarajatlari mavjud bo’ladi va h.k) talab bank krediti hisobiga qondiriladi. Aylanma mablag’lardan samarali foydalanish ko’rsatkichi ularning aylanib turishi hisoblanadi.