AYOLLAR QIZIQCHILIGI (TEATRI)
AYOLLAR QIZIQCHILIGI (TEATRI) — o’zbek xotin-qizlari orasida tarqalgan xalq og’zaki san’atining bir turi. 18— 19-asrlarda xotin-qizlar orasida keng tarqalgan. Masalan, 19-asrda Qo’qonda iqlim dodho degan san’atkor rahbarligida ayol qiziqchilar to’dasi bo’lgan. Ularning repertuari turli xil qiziqchilik, kulgili hikoyalar, hajviy qo’shiqlar, raqs va yallalardan tashkil topgan. Keyingi davrda ham Ayollar qiziqchiligi (teatri) va uning an’analari davom yetib keldi. Ayollar qiziqchiligi (teatri) qurilishi, mazmuni, badiiy vositalari bilan erkak masxaraboz va qiziqchilar tomoshalariga yaqin turadi. Farqi shundaki, Ayollar qiziqchiligi (teatri)da ijodkor ham, ijrochi ham, tomoshabin ham ayollar. Erkaklar rolini ham ayollar o’ynagan. Ayollardan ko’plab taniqli masxaraboz va qiziqchilar chiqqan: g’o’slik (Samarqand viloyati, Urgut tumani) Qursiya Rustamova, Ro’zi Shoyimova; chopiqlik (Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumani) Xongul Olimova, Basgul Qudratova; qibraylik (Toshkent viloyati, Qibray tumani) Salomat Mutalova, Adolat Tursunova; Jalaquduqlik (Andijon viloyati) Sojida Niyozmatova, Sottixon Ashurova, Adolat Botirova va boshqalar. Ular ko’rsatgan ayrim tomoshalarda ijtimoiy masalalar ham ko’tarilgan. Bosh mavzu esa, xotin-qizlarning kundalik hayoti, o’y-fikri, orzu istagi, tavdiridir. «O’sma qo’yish», «Kundoshlik», «Podachi», «Gung», «Malla devona» kabi asarlarda ayollarning o’tmishdagi og’ir mehnati va ayanchli qismati tasvirlansa, «Zambur», «Domla eshon», «Loy sovun» hajviyalarida amaldor va firibgarlar fosh etiladi. Keyingi davrda yaratilgan Ayollar qiziqchiligi (teatri) asarlari asosini axloq, turmush, oila va tarbiya mavzuidagi tomoshalar tashkil etdi. Ad.: Qodirov M., O’zbek xalq og’zaki dramasi, T., 1963. Muhsin Qodirov.