AZEOTROP ARALASHMALAR
AZEOTROP ARALASHMALAR – haydalganda ajralmaydigan va tarkibi o’zgarmaydigan eritmalar. Azeotrop aralashmalarning mavjudligini ilk bor 1810 yilda ingliz kimyogari va fizigi J. Dalton aniqlagan. Ba’zi Azeotrop aralashmalar tarkibidagi alohida komponentlarga qaraganda ancha yuqori temperaturada, ba’zilari esa pastroq temperatuada qaynaydi. Masalan, 95,57% etil spirti (78,5° da qaynaydi) va 4,43% suvdan (100° da qaynaydi) iborat aralashma 78,15° da qaynaydigan Azeotrop aralashmalar hosil qiladi. Aksincha tarkibida 69,2% nitrat kislota (84° da qaynaydi) va 30,8% suv bo’lgan Azeotrop aralashmalar esa 121,8° da qaynaydi. Uch va undan ortiq moddalar aralashmasi ham Azeotrop aralashmalar bo’lishi mumkin. Tashqi bosim o’zgarishi bilan Azeotrop aralashmalarning qaynash temperaturasi, tarkibi o’zgaradi, shundan foydalanib, Azeotrop aralashmalar tarkibiy qismlarga kimyoviy yo’l bilan turli bosim ostida haydab ajratiladi.