BAKTERIOLOGIK (BIOLOGIK) VA TOKSIN QUROLLARI ISHLAB CHIQARISHNI, ZAXIRALARINI TO’PLASHNI TAQIQLASH VA ULARNI YO’Q QILISH HAQIDAGI KONVENSIYA

BAKTERIOLOGIK (BIOLOGIK) VA TOKSIN QUROLLARI ISHLAB CHIQARISHNI, ZAXIRALARINI TO’PLASHNI TAQIQLASH VA ULARNI YO’Q QILISH HAQIDAGI KONVENSIYA — Mazkur konvensiya 10.04.1972-yilda imzolash uchun ochilgan va 26.03.1975-yildan kuchga kirgan. Hozirda 140 dan ortiq davlat uning ishtirokchilari hisoblanadi. Konvensiyaning depozitar davlatlari AQSH va Buyuk Britaniya hisoblanishadi. Konvensiyaning faoliyat muddati chegaralanmagan. Konvensiyaning ishtirokchilari: 1) mikrobiologik yoki boshqa biologik agentlarning yoki toksinlarning profilaktika, himoya yoki boshqa tinchlik maqsadlarida ishlatishga mo’ljallanmagan turlari va miqdorlarini; 2) dushmanlik maqsadlarida yoki harbiy to’qnashuvlarda shunday agentlar va toksinlarni ishlatish uchun mo’ljallangan qurilmalar va yetkazib berish vositalarini ishlab chiqarmaslik, to’plamaslik, har qanday yo’l bilan topmaslik, saqlamaslik; 3) Konvensiya kuchga kirgach 9 oy ichida o’zlari ega bo’lgan yoki o’zlarining nazoratlari ostida bo’lgan barcha agentlar, toksinlar, qurollar, qurilmalar va ularni yetkazib berish vositalarini yo’q qilish, yoki tinchlik maqsadlari yo’lida ishlatib yuborish; 4) o’zga davlatlarga taqiqlangan agentlar, toksinlar, qurollar, qurilmalar va ularni yetkazib berish vositalarini bermaslik, ularni topishlariga ham yordam bermaslik, undamaslik majburiyatini oldilar. Konvensiya insonlarni yo’q qiluvchi ommaviy qirg’in qurollarining barcha xavfli turlarini yaratish bo’yicha keyingi ishlarni taqiqlagan muhim xalqaro hujjatdir.