BALIQCHILIK

BALIQCHILIK — xalq xo’jaligining suv havzalarida baliq zahirasini ko’paytirish va sifatini yaxshilash bilan shug’ullanuvchi sohasi; baliq o’stirish tadbirlari (baliqni sun’iy usulda ko’paytirish va uni yangi sharoitga o’rgatish, yangi zot baliqlar yetishtirish, suv havzalarining meliorativ holatini yaxshilash) ning biologik asoslarini va asosiy baliq o’stirish jarayonlari (voyaga yetgan baliqlarni ovlash, baliq tuxumini ochirish, baliq boqish va boshqalar) ning biotexnikasini ishlab chiquvchi fan. Baliqchilik tabiiy suv havzalari baliqchiligiga va sun’iy hovuz baliqchiligiga bo’linadi. Baliqchilikda suv havzalarining meliorativ holati yaxshilanadi, baliq sun’iy urchitiladi, baliqpar tuxum qo’yadigan va yosh baliqchalar o’sadigan joylarda tegishli sharoit yaratiladi; baliqlarning tuxum qo’yadigan joylari tozalanadi, Daryo to’g’onlariga baliq yo’li yasaladi, sun’iy tuxum qo’yish joylari tayyorlanadi. Tabiiy suv havzalarida baliqlarni sun’iy urchitish, ovlanadigan baliqlar miqdorini ko’paytirish yoki ularni yangi zot baliqlar bilan almashtirish ishlari amalga oshiriladi. Buning uchun maxsus baliq zavodlari quriladi. Baliq o’stirish maqsadida suv omborlaridan foydalanish, boshqa zot baliqlarni mazkur joyga olib kelib iqlimlashtirish ham Baliqchilikning asosiy vazifasidir. Buning uchun suv omborlari baliq ovlashga xalaqit beradigan buta va maxsus o’tlardan tozalanadi, yosh baliqchalarni ko’paytirish uchun baliqchilik pitomnigi quriladi. Baliqlar maxsus hovuzlarda ham o’stiriladi. Bunday hovuzlarda baliqni urchitish, boqishdan tortib uni iste’mol qilinadigan darajaga yetkazguncha bo’lgan jarayonlar amalga oshiriladi. O’zbekiston Respublikasining daryo va ko’llarida 106 turdagi baliqlar mavjud (zog’ora baliq, do’ngpeshona, sudak, okcha, tobonbaliq, ilonbosh, cho’rtan, laqqa baliq, qizilko’z va boshqalar). O’zbekistonda Baliqchilikni sanoat asosida rivojlantirish 1937 yildan boshlangan. O’sha yili Toshkent viloyatining yuqori Chirchiq tumanida «Toshkent baliq chavoqlari xo’jaligi» tashkil etildi. Keyinchalik bu xo’jalik baliq chavoqlarini baliq xo’jaliklari va tabiiy suv havzalari uchun ham yetkazib bera boshladi. 1946 yil O’zbekiston xalq xo’jaligi Kengashi huzurida baliqchilik xo’jaligi bosh boshqarmasi tashkil etildi. 1946 yildan Toshkent viloyatining Zangiota tumanida baliq etishtirishga mo’ljallangan Damachi hovuz baliqchilik xo’jaligi tashkil etildi va ishga tushirildi. 1960 yillargacha baliq mahsuloti asosan, Orol dengizi, dengiz yaqinidagi ko’llar va Sirdaryo hamda Amudaryodan ovlanar edi (yiliga o’rtacha 25 — 28 ming tonna). Respublikada faqatgina karp balig’i etishtirilar va hovuzlardan olinadigan hosil 15 — 18 sentner gektardan oshmas edi. 1961 yilda Xitoydan keltirib, iqlimlashtirilgan o’simlikxo’r baliqlardan oq do’ngpeshona, oq Amur, targ’il do’ngpeshona turlari bu er sharoitiga tez moslashib, keyinchalik baliq yetishtirishning keskin rivojlanishiga zamin yaratdi. Hozirgi davrda respublika baliqchilik xo’jaliklarida yetishtirilayotgan baliqlarning 60— 70% o’simlikxo’r. O’simlikxo’r oq amurdan kanal va kollektorlarni o’tlardan tozalashda biologik meliorator sifatida foydalaniladi. O’simlikxo’r baliq turlari Sirdaryo va Amudaryoda ham tabiiy urchib, ko’paymoqda (ayrim do’ngpeshona baliqlarning og’irligi 80 kilogrammgacha boradi). Respublikadagi suv omborlari ham baliqchilikni rivojlantirishda ma’lum ahamiyatga ega. Har yili To’dako’l suv omboridan 500, Chimqo’rg’on va Jizzax suv omborlaridan 70-100 tonnagacha baliq ovlanadi. Hozirgi «O’zbaliq» korporatsiyasi tizimida 8 birlashma (Quyi Chirchiq «Baliqchi» tajriba-namunaviy baliqchilik birlashmasi, Mo’ynoq, Xorazm va Jizzax baliqchilik birlashmalari, Qoraqalpog’iston baliqchilik xo’jaliklari birlashmasi va boshqalar), 7 kombinat (Sirdaryo, Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Damachi va Navoiy baliqchilik kombinatlari), 10 baliqchilik xo’jaligi: Andijon, Namangan, Farg’ona, Beshariq, Gulbog’ (Namangan viloyati), Yangiyer (Sirdaryo viloyati), Kogon (Buxoro viloyati), Forish (Jizzax viloyati), uzun (Surxondaryo viloyati) xo’jaliklari, shuningdek Toshkent xonbaliq (Bo’stonliq tumani) xo’jaligi, Xorazm viloyatida To’rtko’l fermer xo’jaligi, baliq chavoqpari yetishtirish davlat xo’jaligi (Yangiyo’l), Ixtiopatologiya markazi (Toshkent), Chinoz baliq omuxta yem ishlab chiqarish korxonasi, ulgurji savdo omborxonalari va boshqalar bor (1999). O’zbekiston Respublikasida umumiy maydoni 12 ming gektar bo’lgan sun’iy ko’l va hovuzlarda 22 ming tonna tovar baliq mahsulotlari yetishtirish imkoniyatlari bor. Yetishtiriladigan baliq turlarini ko’paytirish, sharoitga mos turlarini olib kelib, iqlimlashtirishda «O’zbaliq» korporasiyatsining suv havzalari jonivorlarini o’rganish instituti («Akvakultura») xo’jaliklarga yaqindan yordam beradi.