Bastakor skarlatti nimasi bilan mashhur?

XVII asrning ikkinchi yarmida Neapolda (Italiya) opera-seriya degan janr shakllanadiki, bu atama tarjima qilinganda, «jiddiy opera» ma’nosini anglatadi. Kuldiruvchilaridan farqli o’laroq opera-seriyani — yakkaxon xonandalar operasi deb hisoblash odat tusini olgan. Unda xor va balet bo’lmaydi. Neapol musiqa maktabining asoschisi va ilk jiddiy operaning muallifi shu shahardagi «San-Bartolomeo» teatrining xos bastakori Alessandro Skarlattidir. Skarlattining bastakorlik faoliyati XVII asr oxirlari — XVIII asr boshlarida kurtak yozgan. Bu, Vivaldi, Gendel, Bax singari daholar yashagan va ijod qilgan davr. Skarlatti dastavval Rimda, keyin esa Neapolda mehnat qiladi. Kompozitor 20 oratoriya, talay kantatalar, madrigallar va messalar muallifi, konservatoriya muallimi. Ammo uning operalar merosi salmoqli qimmatga molik. Skarlatti — jiddiy operalar mumtoz namunalarining muallifi, yaratib kelgan musiqali spektakllari miqdori bobida esa unga teng keladigan topilishi gumon — bizga qadar 115 operasi etib kelgan! Bastakor ijodi — birgina musiqa tarixi yodgorligi emas. Uning latif, xush ohanglari chinakam san’at qudrati bilan tinglovchilarga ta’sir o’tkazganicha hanuzgacha barhayotdir. Skarlatti tevaragida shakllangan Neapol maktabi tahsil ko’rishni orzu qilgan navqiron mug’anniylarni dunyoning hamma tomonidan o’z bag’riga chorladi. Bu ustozning italyan operasi taraqqiyotini mutlaqo yangi yo’ldan takomillashishga yo’naltirgan ajoyib tashabbuslari orasida uch sho’badan yanada baland pog’onaga (shitobli — sokin — shitobli), ariyalar va jo’rovoz partiyani yanada yuksak darajaga ko’targan orkestrning kuchli jaranglashi tatbiq etilishini ta’kidlab o’tish joizdir.