Zaltsburgni kim mashhur qilgan?

Avstriyaning baland tog’lari bag’rida joylashgan Zaltsburg shahri butun dunyoga Motsartning kindik qoni tomgan yurt sifatida mashhurdir. Har yili bu yerda buyuk kompozitorga bag’ishlangan festivallar bo’lib o’tadi. Volfgang Amadey Motsart 1756 yilda tavallud topgan. Uning otasi Zaltsburg arxiepiskopi saroyi qoshidagi kapella (xor) ning rahbari edi. Hali go’dakligidayoq Motsart klavesin va organ chalishni o’rganadi. Qizi va o’g’lini pianinochi-virtuozlar qilib tarbiyalashni istagan Motsart-ota ularni birgalikda Yevropa bo’ylab sayohatga olib chiqadi. Volfgang olti yasharligida ilk menuetini, o’n ikkisida esa — opera va tantanavor messa bastalaydi. Hayotining ilk kezlarida dongdor Gaydnning ijodidan ilhom olgan Motsartning bastakorlik iste’dodi barcha sohalarda gullab-yashnadi. Ajoyib kamer asarlar, simfoniyalar, diniy musiqalar, operalar buyuk musiqachining qalamiga mansubdir. Oliymaqom «Figaroning uylanishi», «don Juan»ni kim bilmaydi, deysiz! Zamondoshlari kompozitor ijodini yetarlicha qadrlashmagan. Motsart bor-yo’g’i o’ttiz besh yoshga to’lganida qashshoqlikda vafot etadi.