BICHILISH

BICHILISH — badanning tabiiy burmalaridagi terining ishqalanib qizarishi. Asosan, dumba burmalari, chov, oyoq barmoqlarining orasi, qo’ltiq osti, ayollarda sut bezlarining osti bichiladi. Ko’p terlash va ko’p yog’ chiqib turishi, oqchil kelishi, siydik tuta olmaslik Bichilishga sabab bo’ladi. Bichilish yilning issiq paytlarida ko’proq kuzatiladi. Bichilish chaqaloqlarda, semiz kishilarda, qand kasalligi bilan og’riganlarda ko’p uchraydi. Bichilgan joy yallig’lanib qichishadi, qizarib, pilchillab turadi, teri burmalari ostida yoriqlar paydo bo’ladi. Ba’zan, yiringli yoki zamburug’li kasalliklar qo’shilishi mumkin. Bichilishning oldini olish uchun terini toza tutish, ozodalik qoidalariga rioya etish, chaqaloqlarni to’g’ri parvarish qilish, ko’p terlashga qarshi choralar ko’rish lozim. Chaqaloqlar cho’miltirilganidan va semiz kishilar yuvinganidan keyin teri burmalariga qizdirilgan o’simlik moyi surtish yoki upa (talk) sepib qo’yish kerak.