BILAKUZUKLAR
BILAKUZUKLAR, ilonquyruqlar (Ablepharus) — stsinklar oilasiga mansub kaltakesaklar urug’i. 32 taga yaqin turi bor. Janubiy G’arbiy Osiyo, Yevropa, Afrika, Avstraliya va tinch okeani orollarida tarqalgan. Bo’yi 11 santimetrga yaqin. O’zbekistonda Osiyo Bilakuzuklar (A. brandti), Markaziy va Janubiy hududlarda cho’l Bilakuzuklar (A. deserti), deyarli hamma joylarda va Toshkent viloyatining tog’li hududlarida Oloy Bilakuzuklar (A. alaicus) tarqalgan. Bilakuzuklarning oyoqlari zaif, 2 — 5 barmoqli. Tanasi ko’pincha to’q kulrang, ikki yonida qoramtir yo’llari bo’ladi. Ana shuning uchun bilakuzuklar deb ataladi. Dasht, cho’l, tog’va o’rmonlarda yashaydi, tez harakat qiladi. Qalin o’tlar orasida qisqa oyoqlarini bag’riga bosib, ilonga o’xshab yurgani uchun ilonquyruq deb ham ataladi. Bilakuzuklar xavf tug’ilganida toshlar orasiga, kovaklarga yoki boshqa hayvonlar uyalariga yashirinadi. Ko’p turlari tuxum qo’yadi. Baland tog’larda yashaydigan turlari tirik tug’adi. Bilakuzuklar turli hasharotlarni qirib, foyda keltiradi.