BILGA XOQON
BILGA XOQON (qag’an) (asl ismi Mo’g’ilon) (684 — 734) — Turk xoqonligi xoqoni (716 — 734). Ikkinchi turk xoqonligining asoschisi Eltarish (asl ismi qutlug’, Xitoy obidalarida Gudulu) xoqonning o’g’li, Kulteginnmng akasi. 693 yil Eltarish xoqon vafot etgach, turkiy xalqlarning udumiga ko’ra taxtga ukasi Mo’chur, ya’ni Qapag’an xoqon o’tiradi. U jiyani Mo’g’ilonni xoqonlikning g’arbiy hududlarida yashovchi tardushlar hukmdori — shadi etib tayinlaydi hamda uning zimmasiga muhim harbiy masalalarni hal etish vazifasini yuklaydi. 701 yil Mo’g’ilon 16 yoshli inisi Kultegin bilan birgalikda Chuy vodiysiga yurish qiladi va u yerdagi qabilalarni bo’ysundiradi, Sharqiy Baykalortidagi Bayirqu qabilasi isyoni bostiriladi (705 yil). Dono To’nyuquqning qiziga uylangan Mo’g’ilon 704 yil G’arbiy xoqonlik qo’shinlari bilan yenisey (Enasoy) daryosining yuqori oqimidagi chik hamda az qabilalarini mag’lub etadi. Ma’lum fursatdan so’ng u hozirgi Tuva yerlarini ham qo’lga kiritadi. 716 yil Qapag’an xoqon Bayirqu qabilasi vakillari tomonidan o’ldirilgach, Mo’g’ilon ukasi Kulteginning sa’y harakatlari tufayli xoqonlik taxtiga o’tiradi va Bilga xoqon laqabini oladi. Bilga xoqon Kulteginni bosh qo’mondon, To’nyuquqni esa bosh maslahatchi etib tayinlaydi. Bilga xoqon Qapag’an xoqon davrida ma’lum darajada yo’qotilgan imkoniyatlarni qayta tiklashga, turkiy qabilalar o’rtasidagi o’zaro janjal va nizolarga chek qo’yishga, ularni yagona davlat tevaragida birlashtirishga, tashqi hujumlarni daf etishga qodir harbiy kuchlarni, qisqa muddatga bo’lsada, barpo etishga erishadi. Bilga xoqon 734 yil zaharlab o’ldirilgan. Ad.: Bernshtam A. N., Sosialno-ekonomicheskiy stroy orxonoeniseyskix tyurok v VI VIII vv., L., 1946; Bichurin N. Ya. (Iakinf), Sobranie svedeniy o narodax, obitavshix v Sredney Azii v Drevnie vremena, t. 1 3, M.L., 1950 1953; Malov S. E., Pamyatniki drevnetyurkskoy pismennosti, M.—L., 1951;Gumilev L. N., Drevnie tyurki, M., 1967. Hamidulla Dadaboyev.