Bilish nazariyasi nima degani?

BILISH NAZARIYASI (gnoseologiya, epistemologiya)— falsafa bo’limi bo’lib, u bilish qonuniyatlari va imkoniyatlari, bilimning ob’yektiv reallikka munosabatini o’rganadi, bilish jarayonining bosqichlari va shakllarini, bilishning ishonchliligi va haqqoniyligi shartlari va mezonlarini tadqiq qiladi. Bilish nazariyasi hozirgi zamon fanida qo’llaniladigan usullar (tajriba, modellashtirish, analiz va sintez va hokazolar) ni umumlashtirib, uning falsafiy-metodologik asosi sifatida namoyon bo’ladi. Bilish jarayonida tajriba va amaliyotning katta ahamiyati bor. Bu yerda amaliyot (praktika) keng ma’noda bo’lib, insonning jamiyatga ta’siri, tabiat hodisalarini o’zgartirishi, yangi narsalar, jamiyatning yashashi uchun zaruriy shartsharoitlar yaratishi tushuniladi. Kishilarning tabiat qonunlari haqidagi bilimiga asoslangan amaliy faoliyatlari bilish taraqqiyotini, fan va texnika ravnaqini belgilaydi. Sezgi, tasavvur va tushunchalarimizning ob’yektivligini tekshirish bilish jarayonining eng muhim vazifasidir. Amaliyot — haqiqat mezoni. Bilimlarimizning haqiqiyligi amaliyot orqali tekshiriladi, tasdiqlanadi. Bilish jarayoni jonli mushohada (hissiy bilish)dan abstract (mavhum) tafakkurga, undan esa amaliyotga o’tish bilan xarakterlanadi. Jonli mushohada, deganda biz sezgi, idrok, tasavvur kabilarni, ya’ni sezgi a’zolari orqali tashki olamning miyaga ta’siri natijasida paydo bo’ladigan in’ikos shakllarini tushunamiz. Sezgi dunyoni in’ikos etishning boshlang’ich shaklidir. Demak, sezgi — ob’yektiv dunyoning sub’yektiv in’ikosi. U sezgi a’zolari orqali dunyo hodisalarini, buyumlarning xususiyat va sifatlarini ayrim-ayrim, bir-biri bilan bog’lanmagan holda aks ettiradi. Idrok qilish hissiy bilishning murakkabroq shakli bo’lib, u sezgi a’zolariga bevosita ta’sir ko’rsatuvchi buyumni yaxlit holda aks ettiradi. Inson miyasining umumlashtiruvchi faoliyatiga asoslangan bu aks ettirish jarayoniga kishining oldingi tajribalari, abstrakt tafakkurning faoliyati va boshqalar ham kelib qo’shiladi. Shularga asoslangan idrok qilish narsalarning zarurroq, chuqurroq tomonlarini aqlan (fikran) ajratib olishga va bilishga imkon beradi. Miya inson ilgari idrok qilgan narsani o’z xotirasida saklab qolish va uni qayta tiklash qobiliyatiga ega. Sezgi a’zolariga ta’sir ko’rsatmayotgan buyumning ana shunday qayta tiklangan qiyofasi tasavvur deb ataladi. Inson hissiy bilish bosqichida to’xtab qolmaydi. U mazkur bosqich doirasidan chiqishi, buyumlarning umumiy, zaruriy va muhim xususiyatlari hamda munosabatlarini, ularning bevosita hissiy mushohada kilib bo’lmaydigan qonuniy aloqalarini bilib olishi mumkin. Bunga abstrakt tafakkur — bilishning mantiqiy bosqichi orqali erishiladi. Bilish jarayonining sifat jihatdan yangi, oliy bosqichi — mavhum tafakkur jamiyatdan va tildan tashqarida bo’lmaydi. U — amaliyotning, tarixiy taraqqiyotning mahsuli. Tafakkur voqelikning umumlashtirilgan, ya’ni bilvosita aksidir. Tafakkur va til bir-biri bilan chambarchas bog’langan. Til bo’lmas ekan — umumlashtirish jarayoni ham bo’lmaydi. Hissiy bilish singari mavhum tafakkur ham muayyan shakllarda ro’y beradi. Bu shakllar tushuncha, muhokama va aqliy xulosalardir. Tushuncha narsa va hodisalarning umumiy va muhim tomonlarini aks ettiradi. Masalan, «odam» tushunchasi hamma insonlarga xos eng asosiy belgilarni o’zida mujassam ifoda qiladi. Muhokamada buyumlarda muayyan xususiyatlar mavjudligi ta’kidlanadi yoki inkor qilinadi. Tilda muhokamalar ran orqali ifodalanadi. Bir yoki bir necha muhokama vositasi bilan yangi muhokama olish imkonini beradigan tafakkur shakli aqliy xulosa, deb ataladi. Bunday usul bilan mavjud bilimlarga tayanib, yangi bilimlar hosil qilinadi. 19-asr va 20-asr boshida bilish to’g’risidagi ta’limotda empirizm, empiriokritisizm, idealizm, illyuzionizm, pozitivizm, pragmatizm, realizm, sensualizm, skeptisizm kabi ko’pdanko’p yo’nalishlar paydo bo’ldi. Baman Ismoiyuv, Baxtiyor Karimov.

Matematikadan testlardan bilimingizni sinang.