BIOELEKTR POTENTSIALLAR

BIOELEKTR POTENTSIALLAR — tirik organizmlar va ularning ayrim hujayralarida paydo bo’ladigan elektr potentsiallar, qo’zg’alish va tormozlanish jarayonlarining eng muhim tarkibiy qismi. Bioelektrik potensiallar — «hayvon elektri» to’g’risidagi dastlabki ma’lumot 18-asrning o’rtalarida elektr baliqlarining «zarba»larini o’rganish tufayli paydo bo’ldi. Bioelektrik potensiallar to’g’risidagi ta’limotning asoschisi italiyalik olim L. Galvani hisoblanadi. L. Galvani bilan A. Volta «hayvonlar elektri»ni o’rganib, elektr toki hosil qilishning yangi Volta usulini kashf etishdi va galvanik elementlar yaratildi (1791-97). Italiyalik K. Matteuchchi ilk bor (1837) galvanik elementlar yordamida Bioelektrik potensiallarni o’lchab ko’rgan. Nemis olimi E. Dyubua Raymon muskul va nerv hujayrasi Bioelektrik potensiallarni o’rganib, tinchlik holatida hujayraning ichki va tashqi muhiti o’rtasida statsionar potentsiallar farqi (tinchlik potentsiali) mavjudligi, bu farq qo’zg’alish holatida qonuniy o’zgarishini ko’rsatib berdi. 1868 yil Yu. Bernshteyn nerv tolalari bo’ylab qo’zg’alishning tarqalishida sekundning bir necha mingdan bir qismida davom etadigan alohida potentsial tebranishlarni o’lchash metodini ishlab chiqdi. A. E. Vvedenskiy nerv va muskullarda ritmik potentsiallarni telefon yordamida eshitib ko’rdi (1883). Bioelektrik potensiallarni o’rganish sohasidagi asosiy yutuqlar electron kuchaytirgich texnikasining fiziologik tekshirishlarga tatbiq etilishi bilan bog’liq. Hujayra ichiga mikroelektrodlar kiritish usulining ishlab chiqilishi alohida tola yoki hujayra Bioelektrik potensiallarni o’rganishga imkon beradi. Kalmarlarning gigant nerv tolalaridan foydalanish orqali Bioelektrik potensiallar generasiyasi mexanizmi o’rganib chiqildi. Bu tolalarning K+ va Na+ ionlariga nisbatan o’tkazuvchanligini tekshirish asosida A. Xojkin, A. Xaksli va B. Kas 1947-52 yillarda harakat potentsiali ion mexanizmini ochib berishdi va Bioelektrik potensiallarning membrana ta’limotini yaratishdi. Hayvonlar Bioelektrik potensiallarni o’rganish tirik sistemalardagi fizik-kimyoviy jarayonlarni tushunib olishda hamda diagnostikada (elektrokardiografiya, elektroen tsefalografiya, elektromiografiya va boshqalar) katta ahamiyatga ega. O’simliklar Bioelektrik potensiallar tabiatan hayvonlarnikiga o’xshash bo’ladi (E. Dyubua Raymon, 1882). D. Ch. Bos qo’zg’atuvchiga nisbatan Bioelektrik potensiallar va elektr javob qilish barcha o’simliklarga xos ekanligini ko’rsatadi (1926). Bos tomonidan kashf etilgan juda sezgir o’zi yozadigan galvanometrlar o’simliklarning «dastxati»ni, ya’ni qo’zg’atuvchiga nisbatan hosil qilinadigan maxsus elektr javoblarini olishga, fizik va kimyoviy ta’sirotga o’simliklarning elektr reaksiyasini o’rganishga imkon berdi. Yirik xarasimon suv o’tlari Bioelektrik potensiallarning ion tabiatini o’rganishda klassik ob’yekt hisoblanadi. Mahmud Qosimov.