BIOLOGIK DRENAJ

BIOLOGIK DRENAJ, tabiiy drenaj —ortiqcha yer osti suvlarini tabiiy o’simlik qoplami—daraxtzorlar, o’rmon mintaqalari, ekinlar yordamida chiqarib tashlash. Biologik drenaj tuproq sharoitini yaxshilashga, zaxini qochirishga xizmat qiladi, yer osti suvlari sathini pasaytiradi. Barglari orqali ko’p suv bug’latish qobiliyatiga ega bo’lgan tol, terak, qayrag’och kabi daraxtlar va beda singari qishloq xo’jalik ekinlari Biologik drenaj vazifasini bajaradi. Masalan, vegetatsiya davrida bir tup tol va terak 20-100 metr kubgacha suv bug’latadi, sug’oriladigan maydonning 1,5% ni qoplagan daraxtzor drenaj chiqaradigan tuzlarning 15% ni olib chiqadi. Beda (yoshi, zichligi, sizot suvlari sathining chuqurligi, tuproqning granulometrik tarkibi va boshqa sharoitlarga qarab) 4-20 metr kub/gektar suv sarflaydi. Bu miqdorning 78% gacha qismi yer osti suvlari hissasiga to’g’ri keladi. Yoz faslida, o’simliklar suvni ko’plab sarflaydigan davrda bedazorlardagi yer osti suvlari sathi ekinzor dalalaridagiga nisbatan 50-70 santimetr chuqurroqda bo’ladi. O’zbekistonning cho’l va yarim cho’l zonalarida o’zlashtirilgan erlarning meliorativ holatini yaxshilashda terak, tol, jiyda, chinor, oq akatsiya va boshqalardan keng foydalaniladi.