BIOLOGIK MAHSULDORLIK
BIOLOGIK MAHSULDORLIK — ekosistemalarning o’z tarkibiga kiradigan tirik organizmlar qayta hosil bo’lishining muayyan izchilligini ta’minlash xususiyati. Ma’lum vaqt davomida hosil qilinadigan mahsulot, ya’ni biomassa Bilogik mahsuldorlik birligi hisoblanadi. Bilogik mahsuldorlikning moddiy-energetik asosini birlamchi mahsulot tashkil etadi. Ekosistemalarda ular tarkibiga kiruvchi, har xil usulda oziqlanadigan organizmlarning oziq zanjiri hosil qilishi tufayli moddalar aylanishi sodir bo’ladi. Birlamchi mahsulot (fitomassa)ni o’txo’r hayvonlar o’zlashtiradi, ular bilan esa oziq zanjirining keyingi pog’onasini tashkil etuvchi hayvonlar oziqlanadi. O’simlik qoldiqlari saprofag hayvonlar, saprofag bakteriyalar va zamburug’lar (destruktorlar yoki redusientlar) uchun oziq bo’ladi. Bilogik mahsuldorlik moddalar biotik davriy aylanishining namoyon bo’lishi xususiyatlaridan biri hisoblanadi. Biologik sistemalarda energiya faqat bir marta ishlatiladi. Bu jihatdan u anorganik muhitdan tirik organizmlar tarkibiga cheksiz ko’p marta o’tadigan moddalardan farq qiladi. Ana shu sababdan oziq (trofik) zanjir bo’ylab energiya okimi kamayib boradi. Trofik zanjirning har bir zvenosida iste’mol qilingan oziqning bir qismi o’zlashtirilmasdan qoladi, o’zlashtirilgan oziqning bir qismi qo’shimcha mahsulot hosil qilishga, ko’proq qismi esa energiya almashinuviga sarf bo’ladi. Har bir keyingi trofik pog’onada undan oldingisiga nisbatan 5-10 marta kam mahsulot hosil bo’ladi. Oziq zanjiri qancha uzun bo’lsa, uning oxirgi Bilogik mahsuldorlik ham shuncha kam bo’ladi. Ekosistemalarda hosil bo’ladigan birlamchi mahsulot asosida ularning mahsuldorligi to’g’risida xulosa chiqariladi. Quruqlik yuzasining bir yillik mahsuloti quruq modda hisobida 179,5 milliard tonnaga teng, bu taxminan 70YU16 kkal ga ekvivalent bo’ladi. Okeanning birlamchi yillik mahsuldorligi taxminan 25-8010″ kkal energiyaga ekvivalent bo’ladi. Foydalaniladigan yerlar (agrosenozlar) Bilogik mahsuldorlikni aniqlash, hosildorlikni prognoz qilishda katta ahamiyatga ega. Tabiiy ekosistemalar Bilogik mahsuldorlikni o’rganish tabiiy biologik resurslardan oqilona foydalanish, ularni muhofaza qilish va qayta tiklanishini ta’minlash uchun zarur.