BIOLOGIK RITMLAR
BIOLOGIK RITMLAR — biologik jarayonlar jadalligi va ularga xos xususiyatlarning tsiklik o’zgarishlari. Biologik ritmlar deyarli barcha hayvon va o’simliklarda kuzatiladi va organizmlarga muhitning davriy o’zgarishlariga (sutkalik, mavsumiy va boshqalar) moslashishga imkon beradi. Biologik ritmlar davomiyligiga qarab quyosh sutkalik (24 soat), oy sutkalik (24,8 soat), oylik (29,4 sutka) va yillikka (mavsumiy) bo’linadi. Quyosh sutkalik ritm ko’pgina fiziologik jarayonlar (hujayraning bo’linish chastotasi, moddalar almashinuvi va energiyaning intensivligi va boshqalar)ga xos. Sutka davomidagi faollik davrlarning soniga qarab, monofazali va polifazali sutkalik ritmlar farklanadi. Bunda hayvonlar harakatining faolligi, o’simliklar bargi va gulbargining holati, sut emizuvchi hayvonlar jigarining glikogen sarflashi va b. biokimyoviy jarayonlar sutka mobaynida o’zgaradi. Oy sutkalik ritm dengiz sohili zonasi o’simliklari uchun xos. Oylik ritm dengiz sathining ko’tarilishi davriga mos keladi va ayrim suvo’tlar hamda o’simliklarning ko’payish tsiklida namoyon bo’ladi. Yillik (mavsumiy) ritm o’simliklarda, ko’pincha kunning uzunligi, temperatura va boshqa iqlim omillarining o’zgarishi bilan tartibga solinadi. Biologik ritmlarni xronobiologiya fani o’rganadi. Ad.: Vyunning E., Ritmi fiziologicheskix prosessov, Per. s nem., M., 1961.