BIOMEXANIKA

BIOMEXANIKA (bio… va mexanika) — biofizikaning tirik organizm, organ va to’qimalar mexanik xossalari hamda ularda sodir bo’ladigan mexanik hodisalarni o’rganuvchi bo’limi. Ilgari Biomexanika tushunchasi embriologiyaning rivojlanish mexanikasi, ko’pincha eksperimental embriologiya deb ataladigan sohasiga nisbatan ham qo’llanib kelingan. Odatda Biomexanika termini odam va hayvonlar harakati to’g’risidagi ta’limotga nisbatan qo’llaniladi. Biomexanika tadqiqotlari quyidagilarni o’z ichiga oladi: nafas Biomexanikasi — nafas organlari kinematikasi, elastik va noelastik qarshiligi (ya’ni harakatlarning geometrik xarakteristikasi) va nafas harakatlari dinamikasi hamda nafas organlari faoliyatining boshqa sohalarini; qon aylanishi Biomexanikasi — qon tomirlari va yurakning taranglik xususiyatlari, tomirlarning qon oqimiga nisbatan kursatadigan gidravlik qarshiligini, tomirlar devori buylab taranglik tulqinlarining tarqalishi, qonning harakatlanishi, yurak ishini; harakatlanish Biomexanikasi —anatomiya va nazariy mexanika dalillariga asoslanib harakatlanish organlari strukturasini, bo’g’imlarda harakatlanishni paydo qiladigan muskul kuchlarining, gavda qismlari bo’ylab uning og’irligining taqsimlanishini, gavda va uning qismlari harakatlanishi qonuniyatlarini o’rganadi. Biomexanikaning asosiy vazifasi harakatning kinematik tasnifiga binoan ta’sir kuchi xususiyatlarini aniqlashdan iborat. Bu harakatlanish samaradorligini, tashqi va muskul kuchlaridan foydalanish darajasini baholashga hamda harakatlanish koordinatsiyasi va uni boshqarish mexanizmlari to’g’risida xulosa chiqarishga imkon beradi. Tananing holati (tik turish, o’tirish va boshqalar)ni o’rganish ham Biomexanika vazifalariga kiradi. Bunday vazifalarni hal etish fiziologiya, tana holati va muvozanati to’grisidagi ta’limot bilan bog’liq. Biomexanika tekshirishlarda o’rganilayotgan harakatlarning ko’chishi, tezligi va tezlanishlarini qayd etish usullaridan foydalanadi. Bunda ko’proq optik usullar: tezlashtirilgan kinoga olish, tsiklografiya, kimosiklografiya va boshqalar qo’llaniladi. Biomexanikada mexanotronlar, tayanch dinamograflar va burchak siljish asboblari yordamida mexanik kattalikni elektr qayd etish usullaridan xam foydalaniladi. Biomexanika tadqiqotlari tarixi Italiya olimi Leonardo da Vinchining odam harakatlarini anatomiya va mexanika nuktai nazaridan tekshirish bilan boshlanadi. Italiya naturalisti J. Borellining «Hayvonlar harakati haqida» (1680-81) kitobida organizmga mashina sifatida nazar tashlab, nafas olish, qonning harakatlanishi va muskul qisqarishini mexanika nuqtai nazaridan tushuntirishga harakat qiladi. Bu Biomexanikaning rivojlanishiga katta ta’sir ko’rsatadi. Biomexanika tadqiqotlari mehnat va sport fiziologiyasi, harbiy va klinik tibbiyotda, shu jumladan nevrologiya, ortopediya, travmatologiya, protezlash sohasida katta amaliy ahamiyatga ega. Chunki jismoniy mashq va sport harakatlarini o’rganish mashq qilish sistemasini ilmiy asosda tashkil etishga yordam beradi. Suyak, pay va boshqa to’qimalarning pishiqligini o’rganish jarohatlovchi omillarning organizmga ta’siri mexanizmini tushunish va uning oldini olishga imkon beradi. Qon aylanishi va nafas olish holatining bir qator ko’rsatkichlari yurak va o’pka kasalliklari’hamda operatsiya oqibatlari diagnostikasini ishlab chiqishda ahamiyatga ega. Nafas olish va qon aylanishi Biomexanikani tekshirish natijalari «yurako’pka» apparatini ishlab chiqishda ahamiyatga ega. Melis Tolipov.