BIONAVIGATSIYA

BIONAVIGATSIYA (bio… va lotincha navigatio — suzish), mo’ljalga olish— hayvonlarning doimiy qishlov va ko’payish joyiga mavsumiy ko’chib yurishi (migratsiya) davrida yoki yashaydigan joyni topishida o’z harakat yo’nalishini tanlay olish (xoming) qobiliyati. Bionavigatsiya sezgi organlari hamda irsiy mustahkamlangan reaktsiyalar — instinkt orqali amalga oshadi. Instinkt birinchi marta migratsiya qilayotgan hayvonlarda ayniqsa katta ahamiyatga ega. Bionavigatsiya qushlar bilan bir qatorda uzoq masofaga ko’chib yuradigan baliqlar, sut emizuvchilar (shimol bug’ulari, dengiz mushuklari, kitlar), ayrim sudralib yuruvchilar (dengiz toshbaqalari) uchun ham xos. Bionavigatsiyada hayvonlar osmon jismlari (quyosh, yulduzlar), geografik mo’ljallar (daryo, balandlik, tog’, qirg’oq), yerning magnit maydoni (kaptarlar) va boshqalardan foydalaniladi. Ko’pchilik hayvonlar yorug’likning qutblanish (polyarizatsiya) darajasi, ultrabinafsha nurlanish, atmosfera bosimining o’zgarishini sezadi. Suv hayvonlari dengiz oqimlari, suvning kimyoviy tarkibi (sho’rlanish darajasi) va boshqalardan Bionavigatsiyada foydalanadi. Bionavigatsiya mexanizmlari yaxshi o’rganilmagan bo’lib, ko’p hollarda hayvonlar boshqalarda bir vaqtning o’zida bir necha omillardan foydalanishi to’g’risida taxmin qilinadi. To’g’ri yo’lni tanlashda migrasiya qilayotgan guruxdagi hayvonlarning o’zaro munosabatlari juda katta ahamiyatga ega.