BIOORGANIK KIMYO INSTITUTI
BIOORGANIK KIMYO INSTITUTI, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi O. S. Sodiqov nomidagi Bioorganik kimyo instituti — ilmiy tadqiqot muassasasi. 1977 yilda O’zbekiston Fanlar Akademiyasi tarkibidagi Bioorganik kimyo bo’limi (1973) negizida tashkil etilgan. Intga asoschisi akademik O.S. Sodiqov nomi qo’yilgan. Institutning asosiy fundamental ilmiy yo’nalishi hayvon va o’simliklar organizmidagi Bioorganik kimyo jarayonlarini, ya’ni yuqori va quyi molekulyar tabiatga ega bo’lgan biologik faol moddalarning struktura funktsional bog’liqligini o’rganish, hayvon va o’simliklardan ajratib olingan ikkilamchi mahsulotlarni qayta ishlashning jahon standartlariga mos keladigan yangi texnologiyalarini hamda o’simliklarni himoya qiluvchi ekologik toza vositalarni olish ustida tadqiqotlar olib borishdan iborat. Institutda olib borilgan yuqori va quyi molekulyar bioregulyatorlarni kompleks tadqiq etish natijasida zaharli jonivorlar zaharidan 50 dan ortiq biologik faol oqsil va peptidlar ajratib olindi, ulardan 15 dan ortig’ining kimyoviy tuzilishi va ta’sir mexanizmi o’rganildi. G’o’zadan fitogormonlarning reseptorlari ajratib olindi va fizik-kimyoviy xossalari o’rganildi, ularning paxta bargini to’kishdagi regulyatorlik roli isbotlandi. Natijada g’o’za defoliatsiyasida ro’y beradigan jarayonning molekulyar mexanizmi ko’rsatildi va defoliatsiyalovchi hamda o’sishni tezlashtiruvchi faollikka ega bo’lgan birikmalarni tanlash ko’rsatkichlari ishlab chiqildi. G’o’za o’sishi jarayonida organizm ferment sistemalarining paxta tolasi hosil bo’lishidagi roli o’rganildi va tsellyuloza biosintezi jarayonining molekulyar mexanizmi isbotlandi. O’simliklar zararkunanda hasharotlari feromonlarining tuzilishi, funktsiyasi o’rganilib, ularni sintetik usulda olish yo’llari ishlab chiqildi. Tabiiy biologik faol modda — gossipolning polimorf modifikasiyali komplekslar hosil qilishi birinchi bo’lib isbotlandi va uning asosida 20 dan ortiq yangi dorilar, biologik faol moddalar asosida esa 30 dan ortik, dori preparatlari olindi. Bulardan viruslarga qarshi ishlatiladigan «3% gossypol linimenti», immunomodulyator «Timoptin», qon to’xtatuvchi «Lagoden», xlamidiyga qarshi qo’llaniladigan «Gozalidon», ultratovush yordamida tashhis qo’yishda ishlatiladigan dorivor vosita «Polijel» va b. intning tajriba sinov bazasida ishlab chiqarilmoqda va amaliyotda qo’llanilmoqda. 10 ga yaqin dori preparatlari (nitrosel, ragosin, mebavin, safinol, bakagin va boshqalar) tibbiyotda qo’llash uchun sinovdan o’tmoqda. Jahon andozalariga mos keladigan paxta moyini va kam gossipolli paxta kunjarasini olish texnologiyasi ishlab chiqilib, O’zbekiston Respublikasining ko’pchilik yog’moy ekstraktsiya zavodlarida litsenziya asosida qo’llanilmoqda. Institutda 10 laboratoriya va ularda 200 ortiq xodim ishlaydi, shulardan O’zbekiston Fanlar Akademiyasi 3 akademigi (A.A. Abduvahobov, T.F. Oripov, Sh.I. Solihov), 19 fan doktori, 35 fan nomzodi faoliyat ko’rsatadi (2000). Institut xodimlarining 3 ilmiy ishi Beruniy nomidagi O’zbekiston Davlat mukofotiga (O.S. Sodiqov, X.A. Aslonov, A.I. Ismoilov, O.E. Eshboyev, S.X. Nosirov, A.K. Karimjonov, Z. B. Rahimjonov) sazovor bo’lgan. Abduvali Abduvahobov.