BIRJA

BIRJA (gollandcha beurs, nemischa Burse — hamyon) — bozorni uyushtirishning tashkiliy shakli; tovarlar (Tovar birjasi), qimmatbaho qog’ozlar (fond birjasi), valyuta (valyuta birjasi) ulgurji savdosi, tovar bo’lgan ish kuchi oldisotdisi (mehnat birjasi) bozori. Aksariyat hollarda yopiq yoki ochiq aktsiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etiladi. Birjaga birja qo’mitasi rahbarlik qiladi. Uning huzurida kotirovka komissiyasi ish olib boradi. Birjada brokerlar, dilerlar, treyderlar faoliyat ko’rsatadi. Birja va uning shakllari bozor mexanizmining zaruriy infratuzilmasi hisoblanadi. Tovar Birjasi ommaviy tovarlar (don, paxta, metall va boshqalar)ni standartlar yoki namunalar bo’yicha sotadi. Ayrim Birjalar faqat bir guruh tovarlar savdosi bo’yicha ixtisoslashadi. Kelishuvlar ma’lum muddatlarga tuziladi (aksariyat 6 oy), natijada tomonlar narxlar farqlaridan ko’p narsa yutishi yoki yutqazishi mumkin. Birja narxlari haqidagi ma’lumotlar kotirovka shaklida muntazam birja byulletenlarida e’lon qilib boriladi. O’zbekistonda 1994 yildan Respublika tovarxom ashyo Birjasi (ochiq aktsiyadorlik jamiyati) va 1991 yil avgustdan «O’zbekiston» respublika universal agrosanoat Birjasi, shuningdek respublikada ishlab chiqarish vositalari, tovar resurslari oldi-sotdisi bilan shug’ullanadigan «O’zulgurjibirjasavdo» — O’zbekistonda ulgurji va birja savdosi bo’yicha Respublika davlat aktsiyadorlik uyushmasi (1994 yil mart) faoliyat ko’rsatadi. Shuningdek Respublika ko’chmas mulk Birjasida (1994 yil mart) ko’chmas mulk (turar joy binolari, yer maydonlari, avtotransport vositalari, bankrot bo’lgan korxonalar va boshqa mulklar) kimoshdi va tanlov savdolari orqali sotiladi. Fond Birjasi aktsiyalar va obligatsiyalar bilan oldi-sotdi muomalasini olib boradi. Bunday Birjalarda mamlakatda chiqarilgan qimmatbaho qog’ozlar bilan birga chet el qimmatbaho qog’ozlari ham savdoda qatnashaveradi. Fond Birjasidagi bitishuvlarda qimmatbaho qogozlar haqi savdolashuvning o’zida yoki 2-3 kun keyin to’lanadi (kassa bitishuvi) yoki hisob-kitoblar bir oy muddatda o’tkaziladi (muddatli bitishuv). Birjada ish ko’rayotganlar qimmatbaho qog’ozlarni sotib olish vaqtidagi kurslar farqidan (muddatda sotish) katga fonda ko’radilar. Yirik fond Birjalari NyuYork, Tokio, London, Parij, Bazel, Moskva va boshqa shaharlarda joylashgan. O’zbekistonda «Toshkent» respublika fond Birja erkin sotuvga chiqarilgan aktsiyalar, veksellar, obligatsiyalar, depozitli sertifikatlar savdosi bilan shug’ullanadi (1994 yil aprelda tashkil etilgan). Valyuta Birjasi valyutalar bozorini o’tkazadi va valyutalar kotirovkasini amalga oshiradi. Hozirgi sharoitlarda keng ko’lamli valyuta savdosi yirik banklar o’rtasida olib boriladi, ammo ayrim mamlakatlarda banklararo valyuta bozori bilan birga maxsus valyuta Birjalari ham bor. O’zbekiston Respublikasi valyuta birjasi 1992 yil 22 iyunda tuzilgan. Chet el valyutasi savdosini tashkil etish bilan shug’ullanadi. 1994 yil 15 apreldan muntazam savdo o’tkazadi. Dastlabki Birjalar 15-16-asrlarda Italiya, Gollandiya, Angliyada paydo bo’lib, 19-asrning 2-yarmida juda rivojlandi. O’zbekistonda 20-asrning 20-yillarida Birjalar mavjud bo’lib, ulardan ko’p ukladli iqtisodiyot sharoitida bozorni davlat tomonidan boshqarish maqsadida foydalanilgan edi. 1991 yildan mamlakatning bozor iqtisodiyotiga o’tishi davrida O’zbekistonda respublika universal tovar-fond Birjasi (1991 yil avgustda tuzilgan), viloyatlarda respublika Birjalarining bo’lim va vakolatxonalari hamda mustaqil tovar va tovar-xom ashyo Birjalari faoliyat boshladi. 1996 yildan Toshkent shahrida hamma turdagi Birja savdolarini o’tkazishga ixtisoslashgan va zamonaviy vositalar bilan jihozlangan Respublika birja markazi ishga tushirildi. Birja savdosi har bir mamlakatda muayyan qonunlar majmui asosida tartibga solinadi. Qonunlar narxlar bilan qalloblik qilishni hampa bankrotlikning oldini olish maqsadlarini ko’zlaydi. Jahondagi rivojlangan mamlakatlarda keyingi 20 yil ichida Birja savdosini Qonunchilik yo’li bilan tartibga solish kuchaydi. Ilgari ko’pgina mamlakatlarda Birja muomalasi, asosan, Birjaning o’zida ishlab chiqilgan me’yor hamda qonunlar asosida tartibga solinar edi. AQShda 1973 yildan fyuchers Birjalari ishini barcha tovar fyuchers savdosi bo’yicha komissiya boshqaradi. Uning xodimlari tarkibini Prezident tayinlaydi va Kongress tasdiqlaydi. Angliyada 1986 yilgacha tovar Birjasi faoliyatini Angliya banki kuzatib turgan, 1986 yildan bu vazifani qimmatbaho qog’ozlar va investitsiya bo’yicha Kengash bajaradi. Frantsiyada bunday boshqarish fyuchers tovar bozori bo’yicha komissiyaga, Yaponiyada turli vazirliklar (moliya, qishloq xo’jalik, tashqi savdo hamda sanoat) ga yuklatilgan. O’zbekistonda 1992 yil 2 iyulda «Birjalar va birja faoliyati to’g’risida» qonun qabul qilindi. 1992 yil martdan Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Birjalar ishini muvofiqlashtiruvchi O’zbekiston Respublikasi birjalari kengashi tuzildi, 1995 yil sentabrda respublika Moliya vazirligi qoshida Qimmatbaho qog’ozlar va fond Birjalari bo’yicha davlat komissiyasi tuzildi. Komissiya qimmatbaho qog’ozlar bozorini shakllantirish, rivojlantirish, nazorat qilish va korxonalar hamda davlat boshqaruvi organlarining Birjadagi faoliyatini muvofiqlashtirish bo’yicha davlat siyosatini amalga oshiradi. Sherqul Shodmonov.