BISHKEK

BISHKEK (1926 yilgacha Pishpak, 1926—91yillarda frunze) —Qirg’iziston Respublikasi poytaxti. Yirik sanoattransport tuguni, Qirg’izistonning iqtisodiy va madaniy markazi. Chu vodiysida, Qirg’iziston tizmasining shimol etagida, 700-900 metr balandlikda joylashgan. Yanvarning o’rtacha temperaturasi — 5,4°, iyulniki 24,4°. O’rtacha yillik yog’in 471 millimetr. Shahar maydoni 18,4 ming gektar. Aholisi 631,3 ming kishidan ziyod (2000); qirg’izlar 34,6%, ruslar 47,4%, ukrainlar 4,3%, tatarlar 2,5%, uyg’urlar 2,1%, o’zbeklar 1,8%, boshqa Millatlar 7,3% ni tashkil qiladi. Bishkek 4 ma’muriy tumanga bo’lingan. Hozirgi Bishkek o’rnida 1825 yil qo’qonliklar tomonidan Pishpak (qo’qonlik tarixchilar asarlarida Pishkak) qal’asiga asos solingan. 1860 va 1862 yillarda rus qo’shinlari Ashtak dovoni orqali bostirib kelib qal’ani egallagan va butunlay vayron qilgan. 1864 yilda Bishkek o’rnida Pishpak rus harbiy istehkomi barpo etildi. Tez orada Bishkek orqali Yettisuv savdo trakti (Toshkent — Semipalatinsk) vujudga keldi. 1878 yildan Bishkek Yettisuv viloyatining uezd shahri. Mayda oziq-ovqat va ko’n sanoati korxonalari bo’lgan. Aholisi savdo-sotiq, kirakashlik, bog’dorchilik, sabzavotchilik va g’allachilik bilan shug’ullangan. Pishpak 1918 yildan Turkiston Muxtor Respublikasi tarkibida, 1924 yildan qora qirg’iz (1925 yildan Qirg’iziston) Muxtor viloyatining markazi. Bishkek 1926 yildan — Qirg’iziston Muxtor Respublikasining, 1936 yildan Qirg’iziston Respublikasining poytaxti. Bishkekda 1941-45 yillar urushi davrida yangi sanoat korxonalari qurilib front uchun qurol-yarog’lar ishlab chiqarilgan. Metallsozlik va mashinasozlik rivojlandi, urushdan keyin Bishkek Qirg’izistonning eng yirik industrial markaziga aylandi. Shaharda 94 sanoat korxonasi, 2,7 ming kichik korxona, 42 assotsiatsiya, 2 konsortsium, 365 firma, 10 birja, 69 aktsiyadorlik jamiyati, 494 mas’uliyati cheklangan jamiyat, 18 tijorat banklari, 8 kontsern va 4 korporasiya bor. Kimyo, kimyofarmasevtika sanoati korxonalari, «Qirg’izmebel» birlashmasi, uysozlik kombinatlari, temir-beton buyumlar zavodi, issiqlik elektr markazi ishlab turibdi. Bishkek Buxoro— Toshkent—Olmaota gaz quvuri orqali gaz bilan ta’minlangan. 2 temir yo’l vokzali, «Manas» xalqaro aeroporti bor. Temir yo’l orqali Taroz shahri (sobiq Avliyoota) bilan bog’langan. Shahar me’morligi 1872 yilgi dastlabki reja bo’yicha shakllanib, to’g’ri burchakli kesishgan ko’chalar bilan birga uncha katta bo’lmagan mahallalarga bo’lingan. Uylar, asosan, paxsa va sinchdan bir qavatli qilib qurilib, somonli loy bilan suvalgan. 20-40-yillarda Madaniyat vazirligi binosi (1926), hukumat uyi (1934), tibbiyot instituti (1939) va viloyat ijroiya qo’mitasi binolari (1938) qurilgan. Bishkekni qayta qurish rejalariga (1939, 1948 58, 1971) ko’ra shahar ko’chalari kengaytirildi, mikrorayonlar barpo etildi. Shaharda 2-4 qavatli zilzilabardosh turar joy va jamoat binolari qurildi. 50-70- yillarda tinchlik prospektida yangi mikrorayonlar vujudga keldi. Opera va balet teatri (1955), shahar kutubxonasi (1957-62), shahar markazidagi maydonda binolar ansambli (1956), qishloq xo’jalik vazirligi (1954-60), Sport saroyi (1974), Tasviriy san’at muzeyi (1974) binolari bunyod etildi. 1996/97 o’quv yilida 77 umumiy ta’lim maktabida 93,3 ming o’quvchi, hunartexnika bilim yurtlarida 5,7 ming o’quvchi, o’rta maxsus o’quv yurtlarida 11,7 ming o’quvchi o’qidi, maktabgacha tarbiya muassasalarida 16,2 ming bola tarbiyalandi. Shaharda 8 oliy o’quv yurti (Qirg’iziston milliy universiteti, Qirg’iziston-Rossiya slavyan universiteti, texnika universiteti, qishloq xo’jalik akademiyasi, tibbiyot akademiyasi, xalqaro institut, fizkultura instituti, san’at instituti) faoliyat ko’rsatadi. Yangi kollej, litsey va gimnaziyalar, xalqaro, davlat-xususiy maktablari ochilmoqda. Bishkekda Milliy Fanlar akademiyasi, tarmoq ilmiy tadqiqot institutlari mavjud. Qirg’iziston Respublikasi davlat kutubxonasi, 22 yirik ommaviy kutubxona, 7 muzey, 6 teatr, 10 kinoteatr, «Qirg’izfilm» kinostudiyasi ishlab turibdi (90-yillar oxirlari). Bishkekda «Qirg’iziston» matbuot uyi, Qirg’iziston entsiklopediyasi Bosh tahririyati, «Ilim» nashriyoti, yirik poligrafkombinat, respublika axborot organi — Qirg’iziston telegraf agentligi joylashgan. Respublikada 128 gazeta, 15 jurnal chop etiladi. 1974 yildan «Bishkek oqshomi» shahar gazetasi nashr etiladi. Mahalliy radioeshittirishlar qirg’iz va rus tillarida olib boriladi. 9680 o’rinli 32 kasalxonada 3792 vrach va 7253 dan ziyod o’rta ma’lumotli tibbiy xodim ishladi (90-yillar oxirlari). Bishkek va uning atrofida Issiqota kurorti, kardiologiya sanatoriysi, dam olish uylari, profilaktoriylar joylashgan. Bishkek — respublikada turizm markazi. Turistik mehmonxona va bazalar bor. Boshqa respublikalar va mamlakatlar b-n temir yo’l, avtomobil, havo yo’llari orqali bog’langan. Z. B. Beysheev.