BOLLS ASBOBI

BOLLS ASBOBI — paxta tolasining uzunligi o’lchanadigan asbob. Ingliz ixtirochisi V. L. Bolls nomidan. Cho’zish apparati va undan olingan piltani lentaga bo’lib chiquvchi moslamadan iborat. Cho’zish apparatida 2 juft metall valik bor. Ostki valikka charm qoplangan. Valiklar bir-biriga prujina yordamida siqilib turadi. Paxta namunasidan 200-300 gramm tola ajratilib, 32 teng bo’lakka bo’linadi va aralashtiriladi. Aralashmani yana 4 bo’lakka bo’lib, har biri alohida-alohida cho’zish apparatidan o’tkaziladi va 4 pilta olinadi, so’ngra ularni qo’shib, cho’zib bitta pilta yasaladi. Undan tarozida 0,1—0,13 gramm namuna tortib olib, tolalari parallel bo’lguncha cho’zish apparatidan o’tkaziladi, keyin duxoba qoplangan valikka o’rab, uzunligi 22 santimetr, eni 15 millimetrli pilta hosil kilinadi. Bolls asbobining ikkinchi qismi karetka va ta’minlash valiklaridan iborat. Tayyorlangan pilta ta’minlash valiklari orasidan o’tkazilib, karetkaga o’rnatiladi. Karetka duxoba qoplangan stol ustida yurgiziladi,shunda piltadagi tolalar duxobaga o’tadi. Duxobaga o’tgan tolalar maxsus tarozida tortiladi. Tolalarning og’irligiga qarab diagramma tuziladi. Diagrammaning vertikal koordinata o’qi tolalar og’irligini, gorizontal koordinata o’qi tolalar uzunligini ko’rsatadi.