BOSHQIRD OT ZOTI

BOSHQIRD OT ZOTI — qadimda o’rmon va dasht otlari negizida Boshqirdistonda chiqarilgan zot. Suti, go’shti uchun boqiladi, shuningdek qishloq xo’jaligi ishlarida ham foydalaniladi. Boshqird ot zotining aravaga qo’shiladigan va miniladigan tiplari saqlanib qolgan (3 tonnagacha yuk torta oladi). Tusi to’riq, dumi va yoli qora, malla, qo’ng’ir, saman. Biyasining tanasi uzunligi 144-145 santimetr, qarchig’ayi balandligi 142-143 santimetr, ko’krak aylanasi 178— 180 santimetr, to’pig’i aylanasi 18,4— 20 santimetr; tirik vazni 420-460 kilogramm. Biyalari sog’im davrida 1720-2060 l (sersut biyalari 3000 litrgacha) sut beradi. Sutidan sifatli qimiz tayyorlanadi.