Buyuk Amir Temur saltanati va uning taqdiri

Muallif: Hamid Ziyoyev

Toshkentda haykalning o’rnatilishi

Temuriylar tarixi davlat muzeyining ochilishi

Samarqandda haykal o’rnatilishi

Shahrisabzda haykalning qad ko’tarishi

Xorazmshohlar saltanatining ahvoli

Mo’g’ullarning harbiy yurishlari

Temur Malik boshchiligidagi kurash

Buxoro, Samarqand va Ko’hna Urganchdagi janglar

Vatan uchun jonini tikkan Jaloliddin

Mahmud Tarobiy-ozodlik kurashchisi

Amir Temur xalq xaloskori

Yo ozodlik yo o’lim

Vatan mustaqilligining tiklanishi

Harbiy yurishlarning mohiyati va yo’nalishi

Davlat mafkurasi

Oliy fazilatlar sohibi va xalqparvar hukmdor

Oltin O’rdaga zarba berilishi

Qur’oni Karim asl nusxasining keltirilishi

Amir Temurning so’nggi yillari va vafoti

Sohibqiron sevgan nevara

Amir Temur saltanati ispan elchisi nigohida

Amir Temurning “oqlash” harakati yohud olimning ilmiy jasorati

Shayboniylar bosqini

Xonliklar davridagi inqiroz va qoloqlik

Paranji va giyohvandlik fojiasi

Diniy fanatizm va uning talofati

Mustaqillik yillarida qadimiy tariximizni, shu jumladan, tarixiy shaxslarning faoliyatini o’rganish va targ’ib etishga chinakam imkoniyat yaratildi. Natijada ko’p ilmiy va ommabop ishlar nashr etildi. Ular orasida Amir Temurga bag’ishlangan asarlar alohida o’rinni egallab turibdi. Biroq buyuk ajdodimizning faoliyati shu darajada serqirra va keng qamrovliki, bu mavzuning yoritilmagan qirralari oz emas.

Ma’lumki, odatda u yoki bu hukmdorning aql-idroki, fe’l-atvori, bilimi va dunyoqarashiga monand ravishda uning faoliyati shakllanadi. Buni Amir Temur misolida ham ko’rish mumkin. U tabiatan o’ta qobiliyatli, o’tkir zehnli, mard, jasoratli, tadbirkor va xalqparvar bo’lganidan uzoq vaqt mo’g’ul mustamlakasi ostida qolgan mamlakatda qudratli saltanat barpo etadi. Lekin ba’zi bir tarixiy asarlarda, haqiqatga mutlaqo zid ravishda, Amir Temur “kallakesar”, “vahshiy” hukmdor sifatida ta’riflandi.

Amir Temurning harbiy yurishlari sababi va maqsadi xolisona tahlil qilinmay qattiq qoralash hukm surgan edi. Aslida ahvol boshqacha bo’lib, Amir Temur siyosiy va iqtisodiy sabablardan kelib chiqqan holda adolatli harbiy yurishlarni uyushtirgani ko’rsatildi.

Yaqin vaqtlargacha O’zbekistonga Qur’oni Karimning asl nusxasi kim tomonidan, qachon va qayerdan keltirilgani noma’lum edi. Bu masalaga ham aniqlik kiritilib, uni Amir Temur Oltin O’rdadan olib kelgani bayon qilindi.

Amir Temur davrini o’rganishda ispan elchisi Klavixoning kundaligidagi ma’lumotlarning ahamiyati beqiyos kattadir. Shu bois, ular asosida o’sha davrdagi buyuk o’zgarish va rivojlanishlar xususida ham so’z yuritildi.

Temuriylar davlatining zaiflashishi va shayboniylar tomonidan bosib olinishi, xonliklar davrida taraqqiyot barbod qilinishi va o’lkaning inqirozga mubtalo bo’lishiga doir masalalar ham ko’rildi.

Amir Temurning nomi, qadr-qimmati va xotirasining abadiylashtirilishi

Alloh Taoloning marhamati ila o’zbek xalqiga shunday jannatga qiyos etgulik zamin berilganki, bunaqasi jahonda kam uchraydi. Avvalambor yurtimizda qish, bahor, yoz va kuzdan iborat to’rt faslni bir yilning o’zida ko’rish mumkin. Bu inson salomatligi va farovon hayotini ta’minlashda katta ahamiyat kasb etadi. Vaholanki, shunday mamlakatlar borki, yil mobaynida issiqlik hukm surishidan qish va bahorni ajratolmaysiz yoki sovuqlik va salqinlik gashtini surolmaysiz. O’zbekiston esa o’zining ajoyib iqlimi, serquyoshligi, musaffo havosi, zilol suvlari, unumdor yerlari, shirinlikda tengi yo’q bog’dorchilik va polizchilik mahsulotlari, oltin, kumush, mis va boshqa boyliklari bilan shuhrat qozongan.

Shu tariqa O’zbekiston ajoyib-g’aroyib mamlakat sifatida nom chiqarib, jahongashta hukmdorlarning diqqatini jalb etgan. Ular qanday bo’lmasin, bu zaminni bosib olishga uringan va boyliklarini qo’lga kiritish uchun hech narsadan tap tortmagan. Ular minglab odamlarni qirib, shahar va qishloqlarimizni vayron etib, yuz yillar mobaynida yurtimizda hukmronlik qilgna.

Masalan, miloddan oldingi asrlarda eronlik Ahmoniyla 200 yil, so’ngra grek-makedoniyaliklar 180 yil, Arab xalifaligi salkam 200 yil, mo’g’ullar 150 yil, Chor Rossiyasi va Sovet davlati 130 yil bu o’lkani o’z panjaralarida ushlab turgani tarixdan yaxshi ayon. Umumlashtirganda, bu raqamlar 850 yildan oshadi. Ammo qirg’in-barotlar va katta talafotlar o’zbek xalqini yer yuzidan sidirib tashlay olmadi. Chunki bu xalq “olovda yonmaydigan va suvda cho’kmaydigan” qilib yaratilgan ekanki, dahshatli va fojiali hayotning asiriga aylanmay, mustaqillik va ozodlikni tiklashga qaratilgan kurashni davom ettiraverdi.

Xo’sh, shunday ekan, nima uchun ozodlik kurashlari mag’lubiyatga uchrab, bosqinchilar yuz yillab hukmronlik qilgan?

Bunga birinchi navbatda taxtning merosxo’rlik tartibi va uning uchun olib borilgan urushlar sabab bo’lgan. Ma’lumki, hukmronlik qilayotgan sulolada hamma vaqt ham otasi yoki buvasiga o’xshagan aql-idrokli va iste’dodli farzand tug’ilavermagan. Shunga qaramay, merosxo’rlik qonuni bo’yicha noqobil farzand ham taxtni egallayvergan. Bu xildagi hukmdorlar o’zlarining qobiliyatsizligi va ojizligi tufayli shaxsiy manfaat va huzur-halovatini umumdavlat manfaatidan ustun qo’yib ish yuritgan. Natijada inqiroz va qoloqlik yuzaga kelgan. Hukmdorlardagi ko’pxotinlik va serfarzandlik ham doim zarar keltirgan. Otasi bir, onasi boshqa farzandlarning har biri “taxt menga tegishli” degan fikr bilan yashab, uni egallash uchun har xil fitnalar, hatto aka-ukalarni o’ldirish yoki o’zaro birodarkushlik qilishdan ham qaytmagan. Tabiiyki, bunday taxt talashish va janjallar juda katta fojialarga olib kelgan. Mamlakatda parokandalik va tarqoqlik, xavotirli holat va notinchlik hukm surib, hokimiyat boshqaruvi va davlat qudratiga salbiy ta’sir etgan.

Qo’shin orasida tarafkashlik va o’zboshimchalik yuzaga kelib, mamlakat midofaasi zaiflashgan. Bu esa bosqinchilarga jud qo’l kelgan. Diniy fanatizm ham mustaqillik va ozodlikning barbod bo’lishiga olib kelgan asosiy omillardan biri bo’lgan. Yuqorida sharhlangan sabablar bilan bir qatorda yana shuni hisobga olish kerakki, ozodlik kurashlariga aql-idrokli, jasoratli, vatanparvar va mohir tashkilotchi boshchilik qilgandagina g’alabaga erishilgan. Aks holda ular tor-mor etilavergan. Afsuski, oliy fazilatlar sohibi bo’lgan munosib hukmdorlar xalq tarixining ayrim davrlarida maydonga chiqadi, xolos. Bunga ishonch hosil qilish uchun keyingi ming yillik tarixga nazar tashlansa, bas. Bu ko’p asrlik davr mobaynida tom ma’nodagi buyuk davlat arboblari 1370 va 1991 yillarda ko’zga tashlanib, Vatan mustaqilligi tiklandi. Ularning birinchisi mo’g’ullar hukmronligiga zarba bergan Amir Temur va ikkinchi vatani qizil imperiya panjasidan qutqargan Islom Karimovdir.

Shuni aytish lozimki, o’tmish zamonlarda ham Sohibqironning jo’shqin faoliyatini qadrlab, xotirasini abadiylashtirishga hech qachon ahamiyat berilmagan. Hatto uning farzandlari va keyingi vorislari ulug’ ajdodining qilgan vasiyatini inobatga olmay, o’zaro urushlarni qizitib , saltanatni borgan sari zaiflashib borgan. Uning kiyim-boshlari, yarog’-aslahalari, nihoyatda boy va nodir rasmiy hujjatlarini saqlashni xayollariga ham keltirmadilar. Birorta dargoh uning nomi bilan yuritilmadi, xotirasini ta’minlaydigan tadbir ko’rilmadi. Xonliklar davrida Sohibqironning nomi deyarlik tilga olinmadi. Sho’ro davrida esa Sohibqiron faoliyati soxtalashtirildi va qattiq qoralandi. Faqat jadidlar Amir Temurga mustaqillik, ozodlik ramzi sifatida qaradilar. Bunga Fitratning “Temur sag’anasi” asari qahramoni nomidan izhor etgan quyidagi so’zlari dalildir: “Xoqonim, ezilib talangan, talanib yiqilgan, yiqilib yaralangan turk elining bir bolasi sendan ko’mak istab keldi. Bog’lari buzilgan, gullari so’lgan, bulbullari uchirilgan Turonning qorovuli senga arz etarga keldi. Bag’rim yoniq, yuzim qazo, ko’nglim siniq, bo’yim bukik, sening ziyoratingga keldim, Sultonim. Egilgan boshi, qisilgan vujudim, kuygan qonim, o’rtangan jonim uchun bo’sag’angdan davo izlab keldim, Xoqonim! Yuz yillardan beri jafo ko’rib g’am chekib kelgan turning qonli ko’z yoshlarini etaklaringga to’karga keldim. Qorong’ular ichra kelgan o’zbek ko’zlari uchun tuprog’ingdan surma olgani keldim. Turkning nomusi, e’tibori, iymoni, vijdoni zolimlarning oyoqlari ostida qoldi. Turkning yurti, ulog’i, ziyrakligi jaholat o’lkasi ketdi. Sening qiliching bilan dunyo egasi bo’lgan turk tinchgina yotoq topa olmay qoldi”.

Mazkur satrlarda xalqimiz nihoyatda fojiali va ayanchli hayoti shu darajada aks ettirilganki izohlashga o’rin yo’q.

Mustaqillik yillarda shaxsan Yurtboshimiz Islom Karimov tashabbusi bilan Amir Temurning buyuk davlat arbobi sifatidagi tariximizdagi buyuk o’rni, bu ulug’ zotning muborak nomi, qadr-qimmati birinchi marotaba o’rniga qo’yildi. Uning faoliyatiga bag’ishlangan ko’p ilmiy va ommabop kitoblar, risolalar va maqolalar nashr etildi. Ajoyib haykallar o’rnatilib, ko’chalar va boshqa joylarga nomi qo’yildi.