«Buyuk indiktion» nima?

Vizantiyada qabul qilingan yil sanog’i tizimi bilan birga rus zaminiga Vizantiya kalendari ham kirib keldi. Uni «Buyuk indiktion» yoki «Cherkov doirasi» deb atashgan. Aniq yil hisoblash muhim xristian bayrami bo’lgan Pasxa sanasini belgilash bilan bog’liqligi tufayli ushbu kalendar mashhur bo’lib ketgan. Shuning uchun milodning 325 yilidayoq Bosforning Yevropa qirg’oqlarida joylashgan Nikey shahrida maxsus sobor to’planib, uning ishtirokchilari «Buyuk Alfa doirasi», ya’ni Pasxani bayram qilish sanasini hisoblab chiqish tizimini o’ylab topdilar. U Rusda keyinchalik «sulh doirasi» degan nom bilan tanildi. Rus kishilari orasida birinchilardan bo’lib xronologiya masalalari bilan shug’ullangan Antoniyev monastirining diakoni Kirik edi. XII asrning birinchi yarmida u «Kishilarga barcha yillarni hisoblash bo’yicha qo’llanma» risolasi — traktatini tuzdi. Unda Pasxa kuni ancha yil keyin qachon nishonlanishi hisoblab chiqilgan. Ehtimol, bunday usul Rusda 1492 yilgacha qo’llanilgan bo’lsa kerak (dunyo paydo bo’lganiga 7000 to’lguncha). Injil ta’limotiga ko’ra, dunyo paydo bo’lganiga 7000 yil deb chegara qo’yilgan. Shu bois 1492 yilda, sakkizinchi mingyillikning birinchi yilida Moskvada cherkov sobori chaqirilib, unda kelgusi yillardagi Pasxa kunlari belgilanadi. Ushbu voqeaga oid yangi pasxaliya (Pasxa taqvimi) muallifi Gennadiy Novgorodskiy shunday deb yozgandi: «biz bu narsalarni mavjud dunyoning tamom bo’lishi haqida o’ylaydigan oddiy odamlar uchun yozdik. Undan qo’rqish kerak emas, balki Masihning istagan paytda zuhur etishini kutish zarur, chunki bu narsa hech kimga ma’lum emas». Shundan so’ng Gennadiy Novgorodekiy o’zining bu kalendari 532 yilga mo’ljallangan bo’lib, «u dunyo mavjud ekan, xohlagancha marta aylanib turishi mumkin»ligini yozgan. Xo’sh, bu sirli 532 raqami qayerdan olingan? Hisoblashlarga ko’ra, har 28 yilda hafta kunlari ayni o’sha oyning kunlariga to’g’ri kelar ekan, oy kalendari bo’yicha esa har 19 yilda kunlar bir-biriga to’g’ri kelarkan. Bu sonlarni ko’paytirib 532 miqdori hosil qilingan. U Yevropadagi sanoq tizimi bilan qadimgi yahudiylarda qabul qilingan tizimni kelishtiradi go’yo. Har 532 yilda sanalar Pasxa to’lin oy sanasi hafta kuni va oy kuniga to’g’ri keladi. 532 yil orasidagi ushbu davr «Buyuk indiktion» nomini olgan. U 19 daf’a Quyosh aylanishi va 28 daf’a oy aylanishidan iborat. Shuning uchun Pasxani hisoblab chiqish uchun mo’ljallangan sanohni — pasxaliyani 532 yilda bir marta tuzish mumkin. Bu davr o’tgach u yana takrorlanadi. Gennadiy Novgorodskiy tuzgan kalendarning «dunyo turguncha takrorlanadi» deyilishining sababi shunda.