Chinni nima?
Odatdagi kulolchilik — loydan buyumlar yasashni — odamzot so’nggi tosh davridayoq o’zlashtirgan edi. Hozirgi zamon tili bilan aytganda, u ko’proq fayansni eslatadi. Chinni esa — tamomila boshqa turdagi buyumdir. Chinnisozlik xom-ashyosi alohida oppoq tusli loy — kaolin-oqgil bilan dala shpati va kvartsning qorishmasidan iborat. Chinnidan yasalgan idishlar maxsus pechlarda juda baland harorat darajalari ostida qizdirib toblanadi. Oqibat-natijada chinni bamisoli shishasimon va suvo’tmas holatga keladi. Xitoylik hunarmandlar milodning birinchi asridayoq chinni buyumlar yasashni o’zlashtiradilar. Bu yerda chinnisozlik ishlab chiqarishi eng a’lo darajada uyushtirilgan edi. Xitoydagi chinni buyumlarni pishirish xum donlari alohida diqqatga sazovordir. Hozirgi qadimshunoslar tomonidan qazib ko’rilgan bunday xumdonlardan birida bir vaqtning o’zida 25000 dona chinni buyumni toblab pishirish mukinligi aniqlandi. Xumdonlar yog’och o’tinlari bilan qizdirilgan, ichida harorat darajasini bir xilda saqlay oladigan qilib qurilgan. Chinni ishlab chiqarish amallari qattiq sir tutilgan. Yevropalik sayyohlar Xitoyga kelishgach, bu yerdagi chinnilarga mahliyo bo’lib tomosha qilishgan, xolos. Biroq ularni mamlakatdan olib chiqib ketish qat’iy man etilgan. 1520 yildagina portugaliyalik savdogarlar chinni idishlar va kaolin bo’lagi namunalari xarid qidib, o’z yurtlariga olib ketishga muvaffaq bo’ldilar. Boshida kaolin-oqgil qatlami topib olinsa bas, chinni tayyorlanaveradi, deb xomcho’t qilishdi. Biroq yolg’iz oqgilning o’zi chinni tayyorlash uchun yetarli emasligi ma’lum bo’ldi. Son-sanoqsiz tajribalar, turli xil moylar va qattiq metallar qorishmasini olovda toblab pishirib ko’rishlar alaloqibat kutilmagan natijaga olib keldi. 1875 yilda ingliz geologi Jeyms Xatton, bo’sh vaqtlarida kulolchilik buyumlari tayyorlash bilan mashg’ul bo’lib yurgan bu zot yerning geologik tarixiga oid mutlaqo yangi nazariyani ilgari surdi. Yevropaliklar tomonidan chinni ishlab chiqarishning sir-asrorlarini o’zlari uchun ochishga urinishlari natijasida shu tariqa bu ulug’vor ilmiy kashfiyot dunyoga keldi. Hozirgi kunda chinni buyumlar Yevropaning ko’pgina mamlakatlarida ishlab chiqarilmoqda. Chinnisozlikning ana shunday markazlaridan biri Rossiyada ham mavjud bo’lib, u Peterburgdagi Lomonosov nomidagi chinni zavodidir. Yevropada chinnisozlikning asosiy tarixiy markazlari Parij yaqinidagi Sevr va Saksoniya (Germaniya) dagi Meysen chinni zavodlaridir.