«CHORTOQ» SANATORIYSI

«CHORTOQ» SANATORIYSI – balneologik kurort; Namangan shahridan 25 kilometr masofada Chortoqsoy sohilida, Chatqol tog’ining Janub qiyaligidagi tog’ adirlarida, dengiz sathidan 650 metr balandlikda joylashgan. Chortoq mineral suvi tufayli bunyod etilgan. 1949 yil 31 avgustda Chortoqda 30 o’rinli balneologik shifoxona tashkil etildi; yil sayin u kengaya borib, 1959 yil o’rinlar soni 250 taga yetdi. 1961 yil 1 martdan shifoxona «Chortoq»sanatoriyasiga aylantirildi. Sanatoriy hududi turli meva va manzarali daraxtlar bilan ko’kalamzorlashtirilgan. Maydoni 37 gektar, iqlimi yumshoq, kontinental, yozi quruq, issiq, qishi yumshoq. Yanvardagi o’rtacha harorat — 1,4°, iyulda 23°, nisbiy namlik 52%. Davolash omili — minerallari kam, ichiladigan, sulfatxloridli, natriyli mineral tuzlar va termal, gipertermal (42° dan yuqori vannalar uchun), yodli, xloridli, kaltsiynatriyli minerallari ko’p (20-50 gramm/litr) suvlar hisoblanadi. Bundan tashqari, fizioterapiya, davo fizkulturasi, massaj, issiq (paraffin va ozokerit) bilan davolash usullari ham qo’llaniladi. «Chortoq»sanatoriyasi zamonaviy davolash-diagnostika asbob-uskunalari bilan jihozlangan; u yerda 40 kishilik vanna, basseyn, dush va suv muolajasi xonalari mavjud. Sanatoriyda xarakat a’zolari, nerv sistemasi, hazm a’zolari, ginekologik va teri kasalliklari bilan og’rigan bemorlar davolanadi. Shuningdek, o’tkir miokard infarktini boshdan kechirganlar sogligini tiklash uchun 30 o’rinli reabilitatsiya bo’limi faoliyat ko’rsatadi. Mineral suvli vannalar gipotonik, tomir kengaytiruvchi ta’sir qiladi, u qon oqimi tezligini barqarorlashtiradi, organizmning himoya vazifasini oshiradi, yallig’lanishga qarshi ta’sir ko’rsatadi. Sanatoriyda 400 o’ringa mo’ljallangan yotoq korpuslari (bir va ikki o’rinli), klub, kutubxona, fitobar, sport maydonchalari va boshqalar bor (2004).