Dastlabki uylarni qachon qura boshlaganlar?

Inson ming-minglab yillar ilgari o’zi va o’z oilasi uchun boshpana qura boshlagandi. Odamzot juda qadim zamonlarda qurgan turar-joyning ko’rinishi deyarli to’lasincha insonning o’zi yashaydigan iqlimga va uning qo’li yetadigan qurilish materiallarining qulayligiga bog’liq bo’lgan. Bu narsa xuddi shuningdek odamzot kundalik turmushida duch keladigan xavf xatarlarga ham bog’liq edi. Shu boisdan biz dastlabki uy qayerda va qachon qurilganini aniq ayta olmaymiz. Masalan, bundan minglab yillar muqaddam toshbolta ixtiro qilingan paytdan e’tiboran yog’och uylar imoratsozlikda muhim ahamiyat kasb eta boshladi. Va qadimgi odamzot yog’ochdan o’ziga turar-joy quradigan bo’ldi. Ayni chog’da issiq va namxush iqlimlarda yashab o’tgan qadimiy odamlar xashak va somondan yasalgan uylarda kun kechirishni afzal ko’rishardi. Shuning uchun ham Afrika mamlakatlarida va tinch ummonining ayrim orollarida uylar xashakdan, bambukdan, shu yaqin o’rtada o’suvchi chirmovuqsimon o’simliklardan qurilar edi. Iqlim quruq va issiq bo’lgan joylarda esa qadimiy odamlar turar-joy qurishning boshqacha yo’lini topdilar. Imorat qoburg’a yerini qayishqoq novdalardan terib chiqib, so’ngra devorni loy qorishmasi bilan suvoq qilishgan. Loysuvoq oftobda qurib qolar va baquvvat devor hosil bo’lar edi. G’ishtning sir-asrorini birinchi bo’lib qadimgi misrliklar ochgan deb hisoblashadi. Mobaynulnahr (Mesopotamiya)da yashagan qadimgi aholi oftobda quritiladigan mustahkam va chidamli g’isht tayyorlash usulini kashf qildi. Ular qoliplangan g’ishtlarni oftobning ko’zida qoldirib «pishirishar» edi. Bunday g’ishtdan ko’tarilgan imoratlar asrlar osha saqlandi.