DAVLAT QARZI

DAVLAT QARZI — davlatning aholi, firma, tashkilot, banklar, xorijiy moliya-kredit muassasalari oldidagi qarz majburiyatlari. Davlat o’z daromadlari bilan xarajatlarini qoplay olmay qolganda byudjet taqchilligi paydo bo’ladi va u qarz ko’tarish yo’li bilan qoplanadi. Davlat qarzni turli qimmatli qog’ozlar, obligatsiyalar, zayomlar chiqarib sotish, moliya muassasasi (bank)dan ssuda olish va boshqa usullar bilan oladi. Davlat qarzining to’lov davriga ko’ra qisqa muddatli va uzoq muddatli, tarkibiga ko’ra ichki qarz (davlat mamlakatning o’zidagi iqtisodiy sub’yektlardan qarzdor bo’ladi) va tashqi qarz (xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar va boshqalardan qarzdorlik) kabi turlari bor. Ichki qarz va uning foizlari milliy pulda, tashki qarz va uning foizlari esa erkin almashtiriladigan valyutada to’lanadi. Davlat qarzining darajasi, ya’ni qarz yuki qarz va uning foiz summasi yig’indisini davlat byudjeti summasiga nisbati bilan o’lchanadi, ya’ni to’lov majburiyati byudjetning qancha qismiga teng ekanligi bilan belgilanadi. Davlat qarzining haddan tashqari ortib ketishi iqtisodiyotni izdan chiqaradi, xalq turmush darajasini pasaytiradi (chunki qarzni to’lash uchun zarur pul byudjetda soliqlarni oshirish orqali to’planadi), mamlakatdagi iqtisodiy faollikni susaytiradi. Tashqi qarzning ko’payib ketishi milliy mustaqillikka tahdid soladi, undan qutulishi uchun milliy iqtisodiyotni yuksaltirishga ketadigan investitsiyalarni qisqartirish va hatto milliy boylikning bir qismini xorijga sotishga ham to’g’ri keladi. Vaqtida to’lanmagan tashqi qarzga qo’shimcha foiz to’lanadi, undiriladigan foiz qarzga qo’shilib, uning mikdori yanada oshadi. Davlat qarzining bo’lishi uni boshqarishni taqozo etadi, ya’ni qarzni olish va to’lash bilan bog’liq muayyan choratadbirlarni amalga oshirish lozim bo’ladi. Qarz va uning foizlarini to’lash uchun byudjetdan pul ajratish Davlat qarziga xizmat qilish deyiladi. Davlat qarzini to’lashdagi shartsharoitlarning o’zgarishi Davlat qarzi restrukturizasiyasi deyiladi. Restrukturizasiya yuz berganda qarz haqining o’zgarishi konversiya deyiladi. Qarz to’lash muddati cho’zilganda Davlat qarzi prolongatsiyasi yuz beradi. Qarzning bir turi boshqasiga aylanganda, qisqa muddatli qarz uzoq muddatli qarzga aylanadi va Davlat qarzining konsolidasiyasi yuz beradi. Davlat qarziga o’rin bo’lmasligi uchun davlat xarajatlari davlat daromadlari darajasida bo’lishi lozim. Bunda taqchillikka yo’l berilmaydi yoki minimal darajaga keltiriladi (masalan, O’zbekiston davlat ichki qarzini oshirmaslik uchun byudjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 1997 yilda 2,2% ga, 2000 yilda 1% ga keltirildi). Ahmadjon Ulmasov.