DAVLAT QO’MITALARI

DAVLAT QO’MITALARI (O’zbekiston Respublikasida) -umumdavlat vazifalarni bajaradigan sohalararo davlat boshqaruvi Markaziy idoralari. Davlat qo’mitalari tegishli tarmoq muassasalari faoliyatini muvofiklashtiradi va nazorat qiladi. Davlat qo’mitalari tarmoqdagi ahvol uchun mas’ul hisoblanadi. «O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to’g’risida»gi qonun (1993 yil 6 may) va Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari Davlat qo’mitalarining hukuqiy holatini belgilab bergan. Qonunga ko’ra, Davlat qo’mitalari faoliyati ustidan nazoratni Vazirlar Mahkamasi amalga oshiradi. Davlat qo’mitalariga raislar rahbarlik qiladi. Raislar tegishli qo’mita vazifalarini bajarishi uchun shaxsan mas’ul hisoblanadi. Har bir qo’mitada hay’at tuziladi, hay’at qarorlari, odatda, rais buyruqlari bilan amalga oshiriladi. Davlat qo’mitalari raislari O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tarkibiga kiradi. Davlat qo’mitalari raislari O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod etiladilar, keyinchalik bu masala Oliy Majlis tasdig’iga kiritiladi. O’zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo’mitasining raisini O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga muvofiq tayinlaydi va vazifasidan ozod etadi. O’zbekiston Respublikasi Davlat qo’mitalari (2002 yil iyul).: O’zbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash davlat qo’mitasi; O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mitasi; O’zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo’mitasi; O’zbekiston Respublikasi yer resurslari davlat qo’mitasi; O’zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo’mitasi; O’zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo’mitasi; O’zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo’mitasi; O’zbekiston Respublikasi Davlat jismoniy tarbiya va sport qo’mitasi; O’zbekiston Respublikasi Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo’mita; O’zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo’mitasi.