DAVLAT XAVFSIZLIK ORGANLARI

DAVLAT XAVFSIZLIK ORGANLARI — muayyan davlat va ijtimoiy tuzumni tashqi va ichki tahdidlardan saqlashga, mamlakat ichki ishlariga tashqaridan bo’ladigan aralashuvlarni bartaraf etish, turli xavf-xatarni oldini olishga da’vat etilgan idoralar. Ular zimmasiga davlatning barcha fuqarolariga o’zini namoyon qilish uchun hamma sharoitlarni ta’minlash, ularning hayotini, erkinligi va mulkini himoya qilish vazifalari yuklatiladi. Har bir davlatda o’ziga xos Davlat xavfsizlik organlari tashkil qilinadi. Sobiq sho’rolar davrida (1917-91) butun Rossiya favqulodda komissiyasi (VChK), Davlat siyosiy boshqarmasi (GPU), Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi (OGPU), ittifoqrespublika davlat xavfsizlik komiteti kabilar tuzilgan edi. Bu organlar razvedka, kontrrazvedka, inqilobiy sabotajga qarshi kurashishdan tashqari ommaviy qatag’on siyosatini amalga oshirdi, «xalq dushmanlari»ga qarshi siyosiy jarayonlar tashkil etdi, «aksilinqilobiy jinoyat» bo’yicha tergov o’tkazib, soxta sud jarayonlari olib bordi, o’zgacha fikrlovchilarni ta’qib etdi. Hozirgi davrda ko’pchilik davlatlar uchun xalqaro terrorizm, ommaviy qirg’in qurollarining tarqalishi, xalqaro narkobiznes, xalqaro uyushgan jinoyatchilik, diniy radikal ekstremizm, etnik guruhlar va konfessiyalar o’rtasidagi mojarolar, atrof-muhitning ifloslanishi kabilar xavfsizlikka tahdid manbai bo’lib qoldi. 21-asrga kelib bu tahdidlar bir yo’la bir necha davlatlarga ta’sir eta boshladi. Shuning uchun har bir davlatning xavfsizligini ta’minlash xalqaro xavfsizlikni ta’minlashdan iboratdir. O’zbekiston Respublikasi o’z mustaqilligiga erishgach, o’zining davlat xavfsizligini ta’minlash uchun respublikaga nisbatan mavjud xavf-xatar va tahdidlarni aniqlab oldi. Mamlakat, shaxs, jamiyatning milliy manfaatlari belgilandi va ularni himoya qilish mexanizmi yaratildi. Xavfsizlikni ta’minlashning siyosiy, metodologik asoslari O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning «O’zbekiston XXI asr bo’sag’asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari» asarida (1997) bayon etilgan. Davlat xavfsizligini ta’minlashga, ichki va tashqi tahdidlarni oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarning ustuvor yo’nalishlarini belgilab beruvchi «O’zbekiston Respublikasining milliy xavfsizlik kontsepsiyasi» (1997) qabul qilindi. Ushbu kontsepsiya asosida shaxs, jamiyat, davlat xavfsizligini ta’minlashning tashkiliy, huquqiy, siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy asoslarini bosqichma-bosqich shakllantirishga kirishildi. Xavfsizlikni ta’minlashning tashkiliy jihatlariga davlat organlari tomonidan amalga oshiriladigan faoliyat kiradi. Bu faoliyatni O’zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, O’zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati, O’zbekiston Respublikasi Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo’mita, O’zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo’mitasi, O’zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi, O’zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirligi olib boradi. Xavfsizlikni ta’minlashning asosiy garanti sifatida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti faoliyat yuritadi. Shaxs, jamiyat, davlat xavfsizligini ta’minlashning yagona strategiyasini amalga oshirish uchun O’zbekiston Respubliksi Prezidenti huzurida Milliy xavfsizlik kengashi tashkil qilingan. Xavfsizlikni ta’minlashning huquqiy jihatlari avvalo O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida, shuningdek, mudofaa haqidagi doktrinada va yuqoridagi tashkilot faoliyatini huquqiy tartibga soluvchi qonun hujjatlarida aks etgan. O’zbekistonda shaxs, jamiyat, davlat xavfsizligini ta’minlashning iqtisodiy asoslari ham yaratilib, bosqichma-bosqich rivojlantirib borilmoqda. Bu bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiyotni shakllantirish, ilg’or texnologiyalar asosida iqtisodiy o’sishni ta’minlashdan iborat. Xavfsizlikni ta’minlashning ijtimoiy jihatlari mamlakatda barqarorlikni ta’minlash, ijtimoiy adolatni amalga oshirish, mulkdorlar sinfini shakllantirishda ko’rinadi. Xavfsizlikni ta’minlashning ma’naviy asoslari milliy g’oya va milliy mafkurani shakllantirish hamda amalga oshirishdan iborat. O’zbekiston shaxs, jamiyat, davlat xavfsizligini ta’minlashning geopolitik jihatlarini ham belgilab olgan. Bular, avvalo, xalqaro munosabatlarning to’la huquqli sub’yekti sifatida davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralar daxlsizligi, nizolarni tinch yo’l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik qoidalariga va xalqaro huquqning umum e’tirof etgan boshqa qoida va me’yorlariga asoslanadi. Sayfiddin Jo’rayev.