Degrezlik
Degrezlik (forscha so’zidan), Cho’yangarlik-1) cho’yan eritib, undan turli buyumlar quyish kasbi. O’zbekiston hududida qadimdan cho’yandan urush qurollari, hunarmandlik, qishloq xo’jaligi va ro’zg’or buyumlar (masalan, qozon) yasalgan. Cho’yan buyumlar zaxda zanglab, uzoq turmasligi sababli, arxeologik qazilmalar namunalari orasida qadimdan qolgan cho’yan buyumlar kam uchraydi. Muzeylarda saqlanayotgan cho’yan buyumlar XV asrdan keyingi davrlarga mansub. Bobur “Boburnoma” asarida cho’yan quyish jarayonini yozib qoldirgan. XVI asr yozma manbalarida “degrez” so’zi bilan bir ma’nodagi “cho’yangar” ham uchraydi. O’rta asr ma’dansozligida mehnat taqsimoti oqibatida cho’yan, jez va birinj (bronza)dan qurol, asbob va buyumlar quyish alohida-alohida tarmoqlarga ajralgan. Cho’yangarlar qozon, qorachiroq, chiroqpoya, miltiq nili kabi cho’yan buyumlarni, hatto zambarak, to’p-shashvarni ham quyganlar. XIX asrdan boshlab uy-ro’zg’or buyumlari (qozon, obdasta va boshqalar), asosan, Rossiyadan keltirilishi oqibatida, O’rta Osiyoda Degrezlik kasbi ancha sustlashdi. XX asrda og’ir sanoatning rivojlanishi tufayli, Degrezlik kasbi deyarli barham topdi; 2) joy (mahalliy) nomi. Ilgari bir xil kasb bilan shug’ullanuvchi kishilar alohida mahalla yoki guruh bo’lib yashashgan.