DENOV

DENOV — Surxondaryo viloyatdagi shahar (1958 yildan). Denov tumani markazi. Kattaligi va aholisining soni jihatidan Termizdan keyin ikkinchi o’rinda turadi. Dengiz sathidan qariyb 600 metr balandlikda. Surxondaryo va Sangardak daryolari oralig’ida. Temir yo’l stantsiyasi. Denovdan Termizgacha bo’lgan masofa 156 kilometr. Aholisi 63 ming kishi (2000). Yiliga 360 millimetr yog’in tushadi. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 2,4°, iyulniki 28,2°. Denov qadimgi shahar. Yozma manbalarda 14-asr oxirlaridan «Dehinav» shaklida, ya’ni «yangi qishloq» mazmunida tilga olingan. Mahmud ibn Vali (17-asr) ning yozishicha, Dehinav ajoyib bozori, katta masjidi va xonaqosi bo’lgan mustahkam qal’ashahar hisoblangan. Ba’zi tadqiqotchilar Chag’oniyon shahri Denov o’rnida bo’lgan, deb hisoblab kelishgandi. Arxeologlarning aniqlashiga ko’ra, Chag’oniyon shahri aslida Denovdan 6 kilometr Janubi-Sharqda joylashgan Budroch manzilgohi o’rniga to’g’ri keladi. Denovning hozirgi o’rnida miloddan avvalgi 2-ming yillik oxirlarida manzilgoh bo’lgan. Mo’g’ullar istilosidan keyin Chag’oniyon shahri mavqei pasayib ketgach, Temuriylar davrida Dehinav asosiy markazlardan biriga aylandi. Arxeologik topilmalar Denov qal’asi 15-asrga oidligini, uni mustahkam qo’rg’on bo’lganligini tasdiqlaydi. Denov qal’asi murakkab me’morlik obidasi bo’lib, chor atrofida xandaq qazilgan. Qal’aning diametrik 110 metr bo’lib, qalin devor bilan o’ralgan. Denov 17-18 – asrlarda Buxoro xonligi tarkibida karvon savdosining markazlaridan bo’lgan, shaharda hunarmandchilikning yuzdan ziyod turi, ayniqsa ko’n-charm tayyorlash, etikdo’zlik, to’quvchilik, zardo’zlik, qandolatchilik, o’yinchoqsozlik va hokazolar rivojlangan. 1907 yil Denovda amirning soliq siyosatiga qarshi yirik xalq harakati bo’lib o’tgan. 1920 yil Denovda sho’rolar hokimiyati o’rnatilgach, hunarmandchilik ustaxonalari yopilib, shaharga savdo mollari kelishi to’xtab qoldi. 1925 yil Denov orqali o’tuvchi Termiz—Dushanba temir yo’l qurildi. Denov sanoat korxonalari bilan nafaqat viloyatda balki respublikada munosib o’rin tutadi. Sanoat korxonalari, asosan, viloyatda yetishtirilgan qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan. «Denovsut» korxonalari, paxta tozalash, mexanika, araq-vino, konserva zavodlari, paxta titish fabrikasi bor. Denovda ishbilarmonlik va tadbirkorlikka keng yo’l ochilgan. Kichik korxona, firma, shirkatlar faoliyat ko’rsatmoqda. Ularda 20 dan ortiq yangi turdagi mahsulotlar tayyorlanayapti. Mustaqillik yillarida shaharda hunarmandchilikning ravnaqiga katta e’tibor berilgan. Beshiksozlik, sandiqsozlik, temirchilik, duradgorlik va boshqalar rivojlangan. Hunarmandlar ayniqsa sandiqsozlikni san’at darajasiga ko’targanlar. 8 umumiy ta’lim maktabi, gimnaziya, xorijiy tillar, kimyo, fizika-matematika litseylari, tibbiyot bilim yurti, shahar biznes maktabi, bolalar san’at maktabi, poliklinikalar, 13 kutubxona (200 ming nusxa kitob), madaniyat va istirohat bog’lari, dehqon bozori mavjud. Denovdan O’zbekistan poytaxti Toshkentga va yana bir qancha viloyat markazlariga muntazam avtobuslar qatnaydi. Shahar hududida me’moriy yodgorliklardan Said otaliq madrasasi (16-asr) saqlangan. Madrasani asl holiga qaytarish ishlari olib borilmoqda. Uning old qismidagi hudud obodonlashtirilgan. 1992 yilda Denov televideniyesi ish boshladi. Sayfulla Tursunov, Javli Tursunov.