Ekslibris nima?

Ekslibris (lotincha exlinris-kitobdan) — kitobning muayyan shaxsga yoxud kutubxonaga tegishli ekanligiga ishora qiluvchi jajji, badiiy bezakli yorliq. Odatda Ekslibris muqova yuqori hoshiyasining ichki tomoniga yopishtirilgan. Barcha ekslibrislar o’z zamonining yodgorligi sanaladi va ularni o’rganish juda muhimdir. U xususiy kutubxonalar taqdirini ko’zdan kechirishga, ularning tarkibini aniqlashga va Rossiya madaniyatidagi mavqelarini belgilashga imkon beradi. Germaniya — Ekslibris vatani. Ulug’ musavvir Albrext Dyurer ilk ekslibrislardan birining muallifi bo’lgan. Kutubxona sohibining gerbi dastlabki ekslibrislarning eng ko’p tarqalgan syujeti edi. Kitob noshirchiligi faoliyatining gurkirab o’sishi, Yevropa mamlakatlari bilan kitob savdosi xususiy kutubxonalarning salmoqli miqdori paydo bo’lishiga olib keldi. Petr I ning maslakdoshlari: D. M. Golisin, Ya. V. Bryus, A. A. Matveyevlar o’sha zamonlarga nisbatan olganda juda katta, yaxshi tanlab olingan kitob fondlariga ega bo’lishgan. Ular Petr zamonasining ma’rifatli arboblari edilar. Aynan ularning kitoblarida Rossiyadagi dastlab muhrli ekslibrislar — yog’ochga ishlangan miniatyurali Gravyuralar paydo bo’ldi. Knyaz Dmitriy Mixaylovich Golisin (1665— 1737) — Oliy maxfiy kengash haqiqiy a’zosining kutubxonasi — o’sha kezlarda eng salmoqli bo’lgan va 6 000 ga yaqin jildni o’z ichiga olgan. Kutubxona uning sulolaviy qarorgohi — Podmoskovedagi mashhur Arxangelskoye qishlog’ida saqlangan. Uning fondidagi kitoblarda lotin tilidagi harfli Ekslibris: «Ex bibliotheca Archangellina» — «Arxangelskoye kutubxonasidan» — mazkur tamg’a XVIII asr boshlarida yasalgan edi. XIX asrda gerbli kitoblar belgilar o’rnini venzellar, harfli yorliqlar va shtempellar egallay boshlaydi. Bundan yuz yillar muqaddam rassomlar syujetli ekslibrisga kam e’tibor berishardi. Ammo XIX—XX asrlarning chegarasida «Mir isskustvo» jurnali tevaragida qovushgan musavvirlar: A. N. Benua, L. S. Bakst, I. Ya. Bilibin, M. V. Dobujinskiy, B. M. Kustodiev, E. E. Lansare, D. I. Mitroxin, G. I. Narbut, K. A. Somov, S. V. Chexonin va boshqalar ekslibrislar ustida ishlay boshladilar. Bu musavvirlar ko’plab yuksak saviyadagi badiiy syujetli ekslibrislar yaratdilar. 20-yillarda V. A. Favvorskiy, A. I. Kravchenko, N. I. Piskarev, N. P. Dmitrovskiylarning yog’ochga ishlangan nafis gravyurdli ekslibrislari dunyoga keldi. 50-yillarning oxirlari va 60-yillarning boshlarida zamonamizning taniqli ksilograflari: N. Kalita, A. Kalashnikov, D. Bistilarning ekslibrislari dunyo yuzini ko’rdi. Xo’sh, ekslibrislarning butun rivojlanish tarixi davomida ulardan jami qancha yaratilgan? Dunyoga millionga yaqin kitob belgilari borligi ma’lum. Shulardan 100 000 dan ortiqrog’i Rossiyasyda tayyorlangandir.