Elementlar nima?

Butun moddiy dunyo elementlardan tarkib topgan. Elementlar — bir turdagi atomdan iborat moddalar. Ko’pgina elementlar bir-biriga o’xshaydi, ayrim hollarda hatto ular bir xil elementga o’xshab ko’rinadi, lekin borliqda aslida ikkita mutlaqo o’xshash elementning o’zi yo’q. Masalan, vodorod va geliy — rangsiz, hidsiz va ta’msiz gazlar. Biroq vodorod geliyga nisbatan yengilroqdir. U kislorod aralashtirilsa yonadi, geliy esa yonmaydi. Elementlar o’zaro bir-biridan atom og’irligiga qarab farq qiladi. Ulardan bir xili odatdagi sharoitda qattiq moddalar hisoblansa, boshqalari suyuqliklar, uchinchi bir xili — gazlardir. Qizdirilganda yoki sovutilganda ularning aksariyati (deyarli barchasi) bir holatdan boshqasiga o’tadi. Ayrim elementlar suvda eriydi, boshqalari esa erimaydi. Elementlarning buningdek va boshqa xususiyatlari fizikaviy xossalar deb ataladi. Elementlar, ba’zi hollarni mustasno qilganda, asosan o’zaro bir-biriga ta’sir ko’rsatadi va har xil moddalar hosil bo’ladi. Buningdek o’zaro ta’sirlar kimyoviy reaksiya deb ataladi. Elementlarning unday yoxud bunday reaksiyaga kirishishi ularning kimyoviy xossalariga bog’liq. O’zlarining fizikaviy va kimyoviy xossalariga ko’ra elementlar bir necha guruhlarga bo’linadi. Guruhlarga esa elementlar bir-biriga o’xshash xossalariga ko’ra mansub bo’ladi. Elementlarning guruhlari hammasi bir bo’lib D. I. Mendeleyevning elementlar davriy jadvalini tashkil etadi. Bu jadval uni kashf etgani uchun buyuk rus kimyogari D. I. Mendeleyevning nomi bilan ataladi. D. I. Mendeleyev jadvalida elementlar o’zining atom raqamlari tartibiga ko’ra joylashtirilgan. Elementning tartib raqami element yadrosidagi zaryadlangan musbat zarralar — protonlarning miqdoriga bog’liq. Vodorod atomi bor-yo’g’i bitta protondan iborat va shu sababli kimyoviy elementlar jadvalida birinchi o’rinni band qilgan. Ba’zi elenmentlar buyuk allomalarning nomi bilan atalgan, masalan, eynshteyniy (Eynshteyn). Boshqalariga esa yer yuzidagi mamlakatlar yoki ma’lum viloyatlar nomi berilgan: germaniy (Germaniya), ruteniy (Rossiya), kaliforniy (Kaliforniya), skandiy (Skandinaviya). Uchinchi bir xil elementlarga ayrim xususiyatlariga qarab nom qo’yishgan: indiy (bu element yorqin-ko’k rangli — indigo rangli). Ko’pgina elementlar har bir kishiga yaxshi tanish: mis, temir, qo’rg’oshin, kumush, oltin, alyuminiy, oltingugurt, simob, yod va boshqalar.