EPIKUR

EPIKUR (miloddan avvalgi 341, Samos oroli — miloddan avvalgi 270, Afina) — yunon faylasufi. 306 yildan Afinada yashagan, o’z nomi bilan atalgan falsafa maktabiga asos solgan. Epikur 300 dan ortiq asar muallifi hisoblanadi. Lekin uning bir necha xati, aforizmlari va esda ligigina saqlanib qolgan. Epikur falsafani fizika (tabiat to’g’risidagi ta’limot), kanonika (bilish to’g’risidagi ta’limot, unda sensualizmga amal qilgan) va etikaga bo’lgan. Epikur fizikada Demokritning atomistika ta’limotiga ergashdi. Son-sanoqsiz olamlar orasidagi fazolarda yashayotgan befarq xudolar mavjud deb bildi, lekin ularning koinot va odamlar hayotiga aralashuvini inkor etdi. U Platonning «g’oyalar dunyosi», Aristotelning «birinchi turtki» va boshqalarning g’ayritabiiy kuchlar haqidagi g’oyalariga qo’shilmadi, olam son-sanoqsiz, cheksiz, doimiy harakatda va o’zgarishda deb hisobladi. Epikurning fikricha, jon moddiy, tana bilan bog’liq, tana o’lishi bilan u ham o’ladi. Epikur kanonikaga doir qarashlarida dunyoni ilmiy bilish mumkinligini e’tirof etdi. U kanonikaning maqsadi haqiqatni bilish, haqiqat mezonlarini topish va aniqlashda deb tushundi. Epikur etikasida adolat, do’stlik, donishmandlik tushunchalari muhim o’rin egallaydi. Adolat tushunchasini o’zgaga zarar yetkazmaslik va undan zarar ko’rmaslik deb biladi. Uning fikricha, do’stlikning asosida individning shaxsiy ehtiyoji yotadi; aqllilik — muvaqqat ezgulik, do’stlik — abadiy ezgulik. Odamlardan yiroq bo’lib yasha, degan fikr Epikurning shiori bo’lgan. U azob-uqubatlarning bo’lmasligi, tanning sog’lomligi va ruhning betashvishligi (ataraktsiya)ni hayotning maqsadi deb bilgan. Uning fikricha, tabiatni bilish qo’rquvdan, o’lim dahshatidan, irimsirimlar va, umuman, dindan xalos qiladi.