EPILEPSIYA

EPILEPSIYA (Yunoncha — tutaman), tutqanoq, quyonchiq — bosh miyaning surunkali kasalligi; ko’pincha tirishish, hushdan ketish, bemor shaxsining o’zgarishi, ayrim hollarda aqliy qobiliyatning susayib borishi bilan kechadi (fe’l-atvor o’zgaruvchan, serjahl, ginaxon bo’lib qoladi va hokazolar). Bosh miyaning tutqanoq tutishiga nisbatan tug’ma yoki turmushda orttirilgan o’ta moyilligi, shuningdek, nasliy tug’ma nuqsonlar, bosh va orqa miyaning yuqumli kasalliklari, jarohatlari, tug’ruq chog’idagi noxushliklar, endokrin omillar, nogahon qo’rquv va hokazolar. Epilepsiyaga sabab bo’ladi. Epilepsiya mustaqil kasallik (genuin Epilepsiya) yoki simptomatik (bosh miyaning yallig’lanishi, o’smasi, shikastlanishi va boshqalar oqibatida) bo’lishi mumkin. Epilepsiya ko’p uchraydi. Aksari bolalik va o’smirlik davrida, ba’zan keksayganda ham kuzatiladi. Katta va kichik tutqanoqlar Epilepsiyaning asosiy belgisidir. Ko’pincha hech bir sababsiz, ba’zan qattiq hayajon, horish va boshqalardan so’ng tutqanoq tutadi. Aksari tutqanoq tutishidan avval bemor kayfiyati o’zgaradi; serzarda yoki ma’yus bo’ladi, boshi og’riydi, lanj tortadi. Ba’zan hech qanday belgisiz, shuningdek, uyquda ham tutqanoq tutadi. Deyarli ko’pchilik hollarda bevosita tutqanoq tutishidan oldin bir necha sekund davomida o’tkir ruhiy holat — aura (Yunoncha aiga — «shabada esishi») yuz beradi. Bunda bemor o’zini yomon his qiladi, boshi aylanadi, eti uvishadi va hokazolar. Shuningdek, bemor ko’ziga dahshatli manzaralar ko’rinishi, burniga qo’lansa, kuyundi hidlar kelishi, shovqinsuron eshitilishi va achchiq, sho’r ta’m sezilishi mumkin. Ba’zida bemor bu vaqtda bir xildagi harakatlarni takrorlayveradi; masalan, og’zini chapillataveradi, oldida turgan narsani yig’averadi yoxud bir joyda gir aylanadi, o’z-o’zidan yugurib ketadi va boshqalar Auradan so’ng kuchli tutqanoq tutadi. Bemor hushdan ketib yiqiladi, so’ng gavdasining barcha muskullari qisqarib (tonik talvasa) qo’loyoqlari cho’ziladi yoki bukilganicha qotib qoladi, jag’larini mahkam qisib oladi (bunda bemor ko’pincha tilini tishlab oladi). Nafas muskullarining qisqarishi tufayli bemor ko’karib (ayniqsa, yuzi) ketadi, ko’z soqqalari orqaga tortib, qorachig’i kengayadi va nurdan ta’sirlanmaydi. Bir necha sekunddan so’ng bu holat gavda muskullarining ritmik qisqarishi (klonik talvasa) bilan almashinadi. Bunda bemor boshini yotgan yeridagi narsalarga uradi, og’zidan ko’pik chiqadi, 1-2 minutdan keyin asta-sekin tirishish tugab, bemor nafas ola boshlaydi, rangi o’ziga keladi. Lekin bu vaqtda u yiqilgandagi shikastlar og’rig’ini sezmaydi, chaqirsa eshitmaydi; ko’pincha o’ziga kelmay turib chuqur uyquga ketadi. Uyg’onganidan so’ng hech narsani xotirlay olmaydi; darmonsizligi, shikastlanganligidan tutqanoq tutganini biladi. Kichik tutqanoq, odatda, talvasasiz yoki kamroq talvasa (bolalarda) bilan o’tib, bir necha sekundda tugaydi. Bunda aksariyat bemor bir lahza eshushini yo’qotib (masalan, yurgan bo’lsa birdan turib qoladi, gapirayotgan bo’lsa so’z o’rtasida to’xtaydi va boshqalar), yana o’ziga kelishi mumkin. Epilepsiyada kichik tutqanoqlardan tashqari talvasasiz faqat ruhiy o’zgarishlar — Epilepsiya ekvivalentlari ham kuzatiladi. Ayrim vaqtlarda ular aura kabi ko’proq qisqa muddatli ruhiy holatlar tarzida o’tadi. Bunda bemor hayot voqeligini idrok etolmay qoladi. Epilepsiyada (ayniqsa genuine Epilepsiyada) sekin-asta bemor shaxsi (xarakteri) o’zgarib, aqliy qobiliyati susayib boradi, ya’ni Epilepsiyaga xos esi pastlik kuzatiladi, bunda bemor to’satdan bajarayotgan ishini boshqa maqsadsiz tomonga yo’naltiradi, masalan, ishdan uyga qaytayotib boshqa joyga ketib qoladi, biror xat yozayotgan bo’lsa, uning mazmunini (shaklini) buzib yuboradi va hokazolar. Bemor bir mavzudan ikkinchisiga, bir mashg’ulotdan boshqasiga o’tishga qiynaladi, qiziqish doirasi tor, atrofdagilarga kek saqlaydigan, qasoskor, ichi qora yoki adolatgo’y, nasihatgo’y, boshqalari haddan tashqari sarishta, muloyim bo’lib qoladi. Genuin Epilepsiya surunkali kechib, avj olib boradi, bunda katta tutqanoqlar 1 yilda 1-2 marta yoki bir kunda bir necha marta ketma-ket tutadi, ba’zan (ya’ni ketma-ket tutganda) miyaga qon quyilishi yoki miya va o’pkaning shishishi, asfiksiya, og’ir hollarda o’lim yuz berishi mumkin. Davosi: qatiy kun tartibi, parhez, mehnat bilan davolash va vrach tavsiya etgan doridarmonlardan iborat. Epilepsiyasi bor bemorlar psixonevrologik dispanserlar nazoratiga olinadi.