FAN-TEXNIKA TARAQQIYOTI

FAN-TEXNIKA TARAQQIYOTI – fan bilan texnikaning o’zaro bog’liq, yagona, ilgarilab boruvchi taraqqiyoti; ijtimoiy taraqqiyot asosi. Dastlab fan rivoji bilan texnika taraqqiyoti o’rtasidagi yaqinlashuv 16-18-asrlarda manufaktura ishlab chiqarishi bilan bog’liq holda sodir bo’ldi. Bungacha moddiy ishlab chiqarish empirik tajribalar, hunarmandlik asosida shakllangan. Teologiya va sxolastika ta’siridagi tabiat haqidagi ilmiy nazariy bilimlar ham ishlab chiqarishga hech qanday salbiy ta’sir qilmasdan sekinlik bilan rivojlangan. Ilmiy va texnikaviy taraqqiyot inson faoliyatining 2 ta nisbatan mustaqil yo’nalishi sifatida yuksala borgan. 16-asrda savdo-sotiq va yirik manufakturadagi tub o’zgarishlar bir qancha aniq vazifalarni nazariy va eksperimental hal qilishni talab qildi. Bu davrda fan Uyg’onish davri g’oyalari ta’sirida sxolastika an’analarini parchalab, amaliyotga murojaat qildi. Kompas, porox va kitob nashr qilish ilmiytexnikaviy faoliyatga asos solgan 3 ta yirik kashfiyot bo’ldi. Suv tegirmonlarining rivojlanayotgan manufaktura ishlab chiqarishida qo’llanilishi ba’zi mexanik jarayonlarni nazariy tadqiq etishni talab qildi. Natijada charxpalak g’ildiragi, charxpalak harakati nazariyasi, karshilik va ishqalanish ta’limotlari yaratildi. Fan bilan texnika yaqinlashuvining 2-bosqichi mashina ishlab chiqarishning 18-asr oxiridan boshlab taraqqiy etishi bilan bog’liq bo’lib, bunda fan bilan texnika bir-birining jadal rivojlanishiga ta’sir ko’rsatdi. Bu davrda ilmiy tadqiqot faoliyatida nazariy masalalarni hayotga tatbiq qilishga da’vat etuvchi fanning maxsus bo’g’inlari paydo bo’ldi: amaliy tadqiqotlar, ishlab chiqarish tadqiqotlari, amaliy konstruktiv ishlanmalar va hokazolar. Fan-texnika taraqqiyotining 3-bosqichi fan-texnika inqilobi bilan bog’liq. Uning ta’sirida texnika taraqqiyotiga qaratilgan ilmiy sohalar kengayadi. Texnik masalalarni hal qilishda biologlar, fiziologlar, psixologlar, mantiqshunoslar ishtirok etadi. Fan-texnika taraqqiyoti, shuningdek, ijtimoiy fanlar yo’nalishlari, iqtisod va ishlab chiqarishni tashkil qilish, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarni ilmiy boshqarish, aniq ijtimoiy tadqiqotlar kabilarga bilvosita ta’sir qiladi. Fanning texnikaga nisbatan yetakchilik mavqei yanada yorqin namoyon bo’ladi, fan texnikani uzluksiz inqiloblashtiruvchi kuchga aylanadi. O’z navbatida, texnika ham fan taraqqiyotiga ijobiy ta’sir ko’rsatib, uning oldiga yangi talab va vazifalar qo’yadi. Hozirgi zamon fan-texnika inqilobining xarakterli xususiyati uning sanoat b-n birga ijtimoiy hayotning turli sohalari: qishloq xo’jalik, transport, aloqa, tibbiyot, ta’lim, maishiy xizmat kabilarni qamrab olganligidadir.