Folklor nima?

Ajdodlarimiz hayoti qandaydir bir udumiy-marosimiy qo’shiqlar va raqslarsiz ma’no — tuzsizdek bo’lgan. Siz, ehtimol, aksariyat ertaklarning an’anaviy xotimasiga e’tibor bergandirsiz: «va ular nikoh to’yini qildilar». Nikoh to’yi Rusda bir necha kun, ba’zan esa haftalab ham davom etgan. Tomoshalar har xil tabiatli: lirik, kulguli, tantanali, ulug’lovchi, rahsli sahnalardan iborat bo’lgan. Albatta, faqat nikoh to’ylaridagina qo’shiq ko’ylab, o’ynab — kulishmagan. Maishiy qo’shiqchilik ijodiyoti mavjud: alla, hazil, lirik qo’shiqlar: marhumlar boshida aytiladigan yig’i — marsiya qo’shiqlar; uzoq o’tmishdan so’zlovchi bilinlar. Bosh qahramoni — petrushka — hamisha bolalarning sevimli ermagi bo’lgan xalq qo’girchoq teatri qadim-qadimlardan beri ma’lum. She’riyat esa — rivoyatlar, ertaklar, virshilar! Xalq tomonidan yaratilgan butun bu ulkan boylik — musiqa, qo’shiq, she’riyat, teatr, raqs, tasviriy san’at — bitta termin bilan birlashtiriladi: folklor yoxud xalq og’zaki ijodiyoti. So’zning o’zi bizga eski ingliz tilidan kelib qolgan va «xalq zakovati» sifatida tarjima qilinadi. Butun dunyoda raqs, qo’shiq, so’z tasvir san’atini shu tarzda hurmat-ehtirom bilan tilga oladilar. Bu esa chinakam adolat alomati. Chunki folklorda xalq tajribalari, an’analari, orzu-umidlari, dunyoqarashi gavdalanadi, ya’ni chindan ham uning zakovati va donishmandligi namoyon bo’ladi. Odatdagi san’atdan farqli o’laroq folklorda mualliflik bo’lmaydi. Xalq musiqa merosi — qo’shiqlar, raqslar, bilinlar, cholg’u asboblari Nagmalari va chastushkalarni ko’rib chiqaylik-chi. Asar og’zaki an’analarda yashaydi, ko’pincha ko’rinishi o’zgartirilib ma’lum bir ijrochidan boshqasiga yetkaziladi, Shuning uchun folklorshunoslar (xalq ijodiyotini tadqiq etuvchilar shunday ataladi) turli joylarda va har xil ijrochilardan ba’zan bitta va aynan o’sha qo’shiq yoki bilinning bir-biridan farq qiluvchi variantlarini yozib olishadi. Ammo folklor — nafaqat xalq donishmandligi. Bu tag’in xalq ruhi, uning o’z-o’zini anglashining namoyon bo’lishidir. Rus musiqasini o’zbeklar, neapolliklar, gruzinlarniki bilan yoki spirichuels-zanjilarning diniy munojotlari bilan chalkashtirish mumkin emas. Har bir qo’shiq-xalqning hayoti, uning tarixi va turmushining ifodasi. Mashhur iborani jinday o’zgartirib shunday deyish mumkin: meni o’sha xalqning folklori bilan tanishtiring, va men, sizga uning qanday xalq ekanligini aytib boraman. Va nihoyat, butun jahon madaniyatining ildizlari xalq ijodiyotiga borib taqaladi. U zamonaviy adabiyot, musiqa, rassomchilikni oziqlantiradi. Boshqacha bo’lishi ham mumkin emas. Zero, inson xalqdan tashqarida, jamiyatdan tashqarida, ildizlardan tashqarida mavjud bo’la olmaydi.