Kentavrlar nima o’zi?

Bir tasavvur qiling-chi, deylik, siz bundan minglarcha yillar avval o’tib ketgan zamonda yashayotirsiz va umringizda hech qachon bironta ham otni ko’rmagansiz. Birdaniga go’yo o’zining zovurlar va shox devorlar ustidan oson o’tadigan yoki yaydoqda yelib uchadigan arg’umog’iga qo’shilib o’sgan suvoriyga ko’zingiz tushadi. Hoynahoy, misoli odamzot va ot yagona mavjudot degan fikr yarq etib miyangizga urilishi ehtimoldan yiroq emas! Ispan suvoriylarini ilk daf’a ko’rgan ba’zi bir hindular shunday o’ylashgan. Qadim-qadim zamonlarda Yunonistondagi Fessaliya tog’larida ot ustida yovvoyi buqalarga ov soluvchi odamlar yashashgan. Ular shunaqangi ajoyib chavandoz bo’lishganki, yaqin atrofdagi mintaqalarning aholisi go’yo ularning qo’shnilari — g’alati mavjudot, yarimodam-yarimot ekanligiga samimiy ishona boshladilar. Kentavrlar haqidagi asotir ham shundan kelib chiqqan. Kentavrlar yunon asotiriyasida Fessaliya va Arkadiya tog’larida yashagan aynan shunday «odamot» sanalardi. Ular erkin va yovvoyi hayot kechirishar, shuning uchun buyuk qadimgi yunon shoiri Gomer ularni «yovvoyi hayvonlar» deb atagan. Yunon asotirlari qahramonlarining boshidan har doim g’aroyib, maroqli sarguzashtlar kechadi, shu ma’noda kentavrlar ham bundan istisno emas. Tarixlardan biri podshoh Pirifoy haqida naql qiladi. Podshoh Deydaliya degan qiz bilan nikohini shodiyona qilayotgan edi. Shodiyona qizigan paytda mast Kentavr Evriton kelinni o’girlashga urinib ko’radi. Natijada podshoh askarlari va kentavrlar o’rtasida oxirida zikr etilganlar mag’lubiyatga uchragan jang boshlanib ketadi. Shuni alohida qayd etish kerakki, yunon asotirlarida kentavrlar ko’p hollarda o’zlarini aynan shunday tutishgan. Ancha keyingi davrlarda yaratilgan haykallar va suvratlar sharob ilohi — Dionis foytuniga qo’shilgan yoki ishq ilohi — Erosni mingazib olgan kentavrlarni aks ettiradi.