Gadoiy
Gadoiy (taxallusi; asl ismi hozircha noma’lum) (1403/04 — 15-asr oxiri) — shoir. G’azal janri, aruz ilmi va she’riyat qoidalarini yaxshi bilgan. Asosan turkiy (o’zbek) va qisman fors tilida g’azal, qit’a, tuyuq, mustazod, qasidalar yaratgan. Gadoiy o’z ijodi bilan 15-asr o’zbek mumtoz she’riyati rivojiga katta hissa qo’shgan. Xususan, uning g’azallari mazmunan hayotiyligi, badiiy va shaklan barkamolligi bilan ajralib turadi. Ayrim g’azal va qitalarida shoirning o’z hayoti lavhalari va ruhiy kechinmalari aks etgan. She’riyatida «charx jafosi», «ro’zg’or javri»dan fig’on, «g’urbat mehnati» va «rohiblar tazyiqidan» shikoyat ohanglari seziladi. Gadoiy she’rlari aruzning xalq qo’shiqlariga yaqin ramal, hazaj bahrlarida yozilgan; tili xalqona sodda, vazni yengil, sho’x va uynoqi. Gadoiyning 15-asr 2-yarmi — 16-asr boshlarida noma’lum kotib tomonidan kuchirilgan «Devoni gado» asari bor. Unga 2974 misradan iborat 230 g’azal, 1 mustazod, 1 qasida, 5 qit’a, tuyuq kirgan. «Devon»dagi qasida temuriy Shahzoda Muhammad Jahongir Mirzoning o’g’li Halil Sulton madhiga bag’ishlangan. Devon qulyozmasi Parij Milliy kutubxonasida (inv. № 981), mikrofilmi va fotonusxasi O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi. Gadoiyning forsiydagi she’rlari fahri Hiraviyning «Radoyif ul-ash’or» tazkirasiga kiritilgan. Gadoiy she’rlari Turkiya (1960) va AQSh (1971) da bosilib chiqqan. As: She’rlar, T., 1965; Devon, T., 1973.