Galley kometasi

Galley kometasi — dumli yulduz. Ingliz olimi E. Galley 1705 y.da kashf qilgan va uning Quyosh sistemasi a’zosi ekanligini isbotlagan. Kometaning Quyosh atrofida aylanish davri taxm. 76 yilga teng. 1910 va 1986 y.larda Quyoshga yaqinlashganida avvaldan tuzilgan bir qancha xalqaro dasturlarga muvofiq kuzatuv ishlari olib borildi. 1910 y.da Quyoshga yaqinlashishida uning dumi 140° bo’lib, er shari uning dumi orasidan o’tgan bo’lishi kerak, orbitasining ekstsentrisiteti 0,967, perigeliyda Quyoshdan uzoqligi 0,6 astronomik birlikka teng. Quyoshga har gal yaqinlashganida ilgarigiga qaraganda xiraroq ko’rinadi. 1986 y.ga yaqin kelishida ham 1910 y.dagiga qaraganda 2— 3 marta xiraroq edi. Shunga qaramay, oddiy teleskopik kuzatishlardan tashqari G. k.ga sobiq Ittifoq («Vega-1», 1986.6.3, «Vega-2», 1986.9.3), AQSh, Yaponiya, Frantsiya, Germaniya («Jotto», 1986.14.3) dan maxsus kosmik apparatlar uchirilib, G. k. yaqinida har tomonlama tekshirishlar olib borildi.