GAVANA

GAVANA – Kubaning poytaxti. Gavana provintsiyasining ma’muriy, muhim iqtisodiy, siyosiy va madaniy markazi. Kuba orolining shimoli- g’arbida, Meksika qo’ltig’i sohilida. Gavana shahar atrofi bilan katta g.ni tashkil qiladi. Aholisi 2,3 million kishi (1997). Gavanaga 1515 yilda asos solingan. 1592 yildan shahar va Ispaniya gubernatorining qarorgohi. 16-asr oxiridan Gavana Ispaniyaning Antil orollaridagi eng katta porti. 1762 yilda Gavanani va butun Kubani inglizlar bosib oldi. 1763 yilda yana ispanlar qo’liga o’tdi. 18-19-asrlarda Gavana Antil orollaridagi qullar bozorining yirik markazi bo’ldi. 1902 yildan Kuba Respublikasi poytaxti. Gavana mamlakatning eng yirik transport yo’llari tuguni. Gavana porti orqali Kubaning 3/5 importi va 1/4 eksporti o’tadi. Shahar asosiy temir yo’l magistrali va mamlakatni g’arbdan sharqqa kesib o’tadigan bosh avtostrada ustida joylashgan. Janubiy- g’arbiy chekkasida Xose Marti xalqaro aeroporti joylashgan. Gavana mamlakat sanoat mahsulotining qariyb yarmini beradi. Korxonalarning ko’pchiligi shahar chetida. To’qimachilik va oziq-ovqat sanoati ko’proq rivojlangan. Tikuvchilik, metallsozlik, kema remonti, kimyo sanoati korxonalari ham bor. Po’lat quyish, avtoremont, neftni qayta ishlash va boshqa zavodlar mavjud. Yirik binolari: Milliy Kapitoliy, «Gavana Libre» va «Gavana Rivera» mehmonxonalari. Gavanadel-Este turar joy rayoni qurilgan. Gavanada universitet (1728), Fanlar Akademiyasi (1962), texnika, qishloq xo’jaligi, iqtisod, pedagogika institutlari, kutubxonalar, teatrlar bor. Yirik muzeylari: Milliy muzey, L. Montane, antropologiya muzeyi, E. Xeminguey uy-muzeyi va boshqalar.