GAVAYI

GAVAYI — AQSh shtati. Tinch okeandagi Gavayi orollarida. Maydoni 16,7 ming km2. Aholisi 1172 mingdan ziyod kishi (1990-yillar o’rtalari), amerikaliklar, yevropaliklar, yaponlar, filippinliklar, xitoylar va boshqalar. Mahalliy xalq — gavayiliklar (170 ming kishi, 1992). Shahar aholisi70%. Rasmiy til— ingliz tili. Ma’muriy markazi — Gonolulu shahri. Tabiati haqida Gavayi orolariga qarang. Qishloq xo’jaligi — iqtisodiyotining asosini tashkil etadi. 1 million gektar yerga ekin ekiladi. Eng yaxshi yerlar eksport ekinlari — ananas, shakarqamish, kofe, sizal, banan bilan band. Iste’mol uchun asosan sholi ekiladi. Gulchilik rivojlangan. Chorvachilik ikkinchi darajali ahamiyatga ega. Qand-shakar va meva-konserva sanoati korxonalari bor. Tinch okeandan o’ttan havo va dengiz yo’llarining muhim tuguni. AQSh va Kanadani Sharqiy Osiyo mamlakatlari, Filippin, Avstraliya va yangi Zelandiya bilan bog’laydi. Ichki yuk tashishda dengiz va avtomobil transporta ahamiyati katta. Yirik dengiz porti — Gonolulu. Turizm rivojlangan. Gavayini 1778 yilda J. Kuk kashf qilgan. Ispaniya-Amerika urushi davri (1898)da AQSh tasarrufiga o’tgan. 1908 yildan AQShning tinch okeandagi harbiy dengiz bazasi, 1959 yildan AQShning 50-shtati.