GAVHARSHOD BEGIM ME’MORIY MAJMUASI
GAVHARSHOD BEGIM ME’MORIY MAJMUASI – 1) Mashhad (Eron) markazida Hirot hukmdori Shohrux Mirzoning xotini Gavharshod begim sharafiga (me’mor Qavomiddin Sheroziy) qurilgan (1405-19) masjid. Atrofi ayvonli katta hovli (55×45 metr) ning to’rt tarafida to’rt xona bo’lib, ularning Janubiydagisi katta va gumbazli. Unga minorali ulkan peshtoq orqali kirilgan. Minoralar tepasi qafasa bilan bezatilgan. Masjidga rangli koshinlardan nafis va go’zal bezaklar ishlangan. Masjidning shimol tomonida Imom Rizo maqbarasi, Sharq tomonida madrasa, g’arbida esa shahar karvon saroyi joylashgan bo’lib, bular masjid bilan yo’lakcha orqali o’zaro bog’langan. 2) Hirot (Afg’oniston) Musallosidagi katta me’moriy yodgorlik (1418— 38). Masjid, madrasa va Temuriylar avlodi maqbarasidan iborat bo’lib, Shoxruxning xotini Gavharshod begim sa’yehtimomi bilan 20 yil mobaynida qurilgan (keyinchalik maqbaraga Gavharshod begimning o’zi, o’g’li Boysung’ur Mirzo dafn etilgan). Bosh me’mor — Shohruxning saroy me’mori Qavomiddin Sheroziy. Maqbara yoniga keyinchalik Husayn Boyqaro mahobatli madrasa va xonaqoh qurdirgan. Katta qismi, jumladan madrasaning o’zi ham saqlanmagan, maqbara, 8 minoradan 1 tasi, masjid va madrasaning xarobalarigina saqlanib qolgan. Musalloning bosh binosi — masjid 106×64 metr maydonni egallaydi. Baland peshtoqdan masjid hovli (52×49 metr) siga kiriladi. Hovlining atrofi 4 ayvon va ikki qavatli turli xonalar bilan o’ralgan, u qurbon va ro’za hayitlari, juma namozlarini o’qishga mo’ljallangan. Gavharshod begim madrasasi hovlining shimolda bo’lib, masjidning ham, madrasaning ham burchaklarida minoralar bo’lgan, ular marmar va koshin qoplab bezatilgan. Murabba tarhli maqbara 1432 yilda qurib tugallangan, ayniqsa, uning qovurg’ali gumbazi o’ziga xos jozibali. Gumbaz sirkor g’isht terib naqshlangan, uning qurilishida me’mor Imomiddin, hirotlik ustalar — Xoja Mirali Hiraviy va Xoja Mirak Hiraviylar qatnashgan. Ichkaridagi nozik va nafis naqqoshlik bezaklarini Boysung’ur Mirzo yaratgan.