Gaz tarmog’i

Gaz tarmog’i — yoqilg’i sifatida ishlatiladigan gazlarni tashish va iste’molchilarga tarqatish uchun mo’ljallangan gaz quvurlari, inshootlari va qurilmalari majmui (tizimi); aholi yashaydigan punktlarni gaz b-n ta’minlash tizimining tarkibiy qismi. Shahar G. t. har xil diametrli va bosimli gaz quvurlaridan; gaz bosimini pasaytirish uzellari — gaz tartiblash punktlari (GTP) va gaz taqsimlash styalari (Gts)dan; asboblarga kelayotgan gaz bosimini doimiy tutib turadigan individual rostlagichlardan; gaz omborlari; (gazgolderlar)dan iborat bo’ladi. G. t. bosimni o’lchash asboblari; avtomatika, aloqa va ogohlantirish (signalizasiya) qurilmalari, zulfinlar b-n jihozlanadi. Vazifasiga qarab, g. t. ning tarqatish va kiritish xillari bo’ladi. Tarqatish G. t. gazni GTP va Gts hamda gaz omborlaridan iste’mol qilinadigan joyga berish uchun xizmat qiladi. Kiritish G. t. gazni bevosita iste’molchilarga beradigan bino va inshootlarga gaz berish uchun mo’ljallanadi. Shahar G. t. bo’yicha gaz muayyan bosimda, ya’ni 0,05 kgk/sm2 (5 kn/m2)dan 12 kgk/ sm2 (1200 kn/m2) gacha bosimda beriladi. Aholi yashaydigan punktlarda g. t. odatda berk halqa-Simon tizim tarzida tashkil qilinadi. Bu tizim gaz ta’minotining uzluksizligini ta’minlaydi. Gaz quvurlari er ostidan ham, er ustidan ham o’tkazilishi mumkin.